Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tabiatiga ko‘ra bilvosita soliq bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmatlarning mulk huquqini har bir almashishi jarayonida yaratiladigan qo‘shimcha qiymatdan undiriladi. 2019 yil 1 yanvardan iqtisodiyotning keng joriy etilgan QQS tizimiga o‘tishi ayrim vaziyatda tushunarsiz holatni ham keltirib chiqardi.
Masalan, soliq qonunchiligida fermerlarning QQSdan ozod etilishi belgilanganligi bir qarashda ma'quldek tuyuladi, lekin, bunday «imtiyoz» fermer xo‘jaliklari uchun ham, ularning mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar uchun ham unchalik foydali emas. Chunki fermerning QQS hisoblamasligi, QQSni hisoblashning ketma-ketlik zanjirini uzilishiga hamda avval to‘langan QQS summasini ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shilishi natijasida mahsulot tannarxini oshishiga olib keladi.
«O‘z navbatida mahsulotni, masalan, paxta xom-ashyosini, uni qayta ishlovchi korxonalarga QQS summasisiz sotilishi soliq yukini paxtani tozalash zavodlariga o‘tishiga sabab bo‘ladi.
Natijada paxta tozalash korxonalari nafaqat fermer o‘rniga QQS to‘laydi, balki avval paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlariga kiritilgan QQS ustiga yana QQS hisoblashlariga to‘g‘ri keladi. Narxlarni bunday o‘sishi zanjiri to‘qimachilik korxonalarida davom etib, QQSni to‘lash oxirgi iste'molchi, ya'ni aholi zimmasiga borib tushadi», — deydi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti vakili Sergey Voronin.
Mutaxassis fikricha, bu jarayonni respublikadagi paxta xom-ashyosini ishlab chiqarishning hisob-kitob ma'lumotlari misolida ko‘rib chiqilsa, tushunarli bo‘ladi.
«Masalan, 2019 yilning paxta xom-ashyosini sotib olish uchun belgilangan 4,0 mln. so‘m xarid narxi ichida tovar-moddiy boyliklar (mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarga himoya vositalari, yoqilg‘i-moylash materiallari, urug‘, mexanizatsiya xizmatlari va boshqalar) sotib olishda to‘langan 365 ming so‘m miqdoridagi (kirim) QQS ham mavjuddir.
Fermerning xarajatlari, jumladan QQS uchun to‘lov summalar, paxta xomashyosi tannarxi tarkibida paxta tozalash zavodining soliq bazasiga va keyinchalik zanjir bo‘yicha to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalar hamda ulgurji va chakana savdo korxonalari soliq bazasiga kiritiladi.
QQS to‘lovini ishlab chiqarish xarajatlariga kiritilishi va keyinchalik uning ustiga yana QQS hisoblanishi, albatta, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxining oshishi hisobiga uning raqobatbardoshligini pasaytiradi», — deydi u.
Agar fermer o‘zining mahsulotiga QQS hisoblasa va kirim qilinayotgan QQS to‘lovi summasiga mahsulot sotishda hisoblangan QQS summasini kamaytirsa (hisobga olsa), uning paxta xom-ashyosining ishlab chiqarish xarajatlari 4,0 mln so‘mdan 365 ming so‘mga yoki 9,0 foizga kamayadi. Bunda paxta xom-ashyosini sotib olish narxlari 4,5 mln. so‘mgacha oshadi, deb hisoblaydi Sergey Voronin.















