Payshanba kuni Pentagon Oq uyga Yaqin Sharqqa AQSh Qurolli kuchlarining qo‘shimcha kontingentini jo‘natish rejasini taqdim etadi. Gap minglab harbiylar haqida bormoqda - bu askarlar mintaqada AQSh va Eron o‘rtasida taranglik yuzaga kelgani munosabati bilan «himoya maqsadlari»da yuborilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Eron qirg‘oqlari yaqinida allaqachon «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi navbatchilik qila boshladi
Foto: CATI CLADERA

Associated Press agentligi va CNN telekanali bir vaqtda o‘z shaxsini ochiqlashni istamagan bir necha amerikalik amaldorlarga asoslangan holda xabar berdiki, Mudofaa vazirligi (Pentagon) AQSh prezidenti ma'muriyatining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha xodimlariga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy qudratini kuchaytirish haqidagi rejani taqdim etgan. Gap bu hududga 10 ming nafar askar jo‘natish haqida ketmoqda.

Reuters muxbirlarining aniqlashicha, avvaliga AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Pentagonga qo‘shimcha 5 ming harbiy jo‘natish bo‘yicha so‘rov yuborgandi.

CENTCOM mas'ul bo‘lgan hududlarda 21 mamlakat joylashgan: shu jumladan, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Yaman va O‘rta Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.

Bundan tashqari, CENTCOM Qizil dengizi, Fors ko‘rfazi va Hind okeanining g‘arbiy qismidagi xalqaro suvlarini nazorat qiladi.

CENTCOM Osiyodagi 21 davlatga, jumladan Fors ko‘rfaziga mas'ul
Foto: REUTERS

Oq uy Pentagonning tashabbuskori CENTCOM bo‘lgan so‘rovini qanoatlantiradimi? Bu hozircha mavhum.

Birinchidan, AQSh Mudofaa vazirligi odatda butun dunyo bo‘ylab joylashgan qo‘mondonliklaridan qo‘shimcha resurslar yuborish haqidagi so‘rovlarga rad javobi beradi.

Ikkinchidan, Oq uy va Pentagon Yaqin Sharqda harbiylar sonini oshirish kerak emas yoki hozircha kerak emas degan qarorga kelishi mumkin.

Uchinchidan, birdaniga 10 ming harbiy jo‘natishga zarurat bo‘lmasligi mumkin. Ularning bir qismi Eronni tiyib turish uchun zudlik bilan hududga tashlanishi, qolgani vaziyat o‘zgarishiga qarab jo‘natilishi mumkin.