O‘zbekiston | 15:07 / 25.05.2019
7878
4 daqiqa o‘qiladi

I O‘zbekiston-Xitoy forumi: Maktabgacha ta'lim tizimida qo‘shma korxonalar tashkil etish va kadrlar malakasini oshirishga doir kelishuvga erishildi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

O‘zbekiston maktabgacha ta'lim tizimi faoliyati sifatini oshirishda Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bunda bolalar mebellarini birgalikda ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalarni yaratish, bog‘cha yoshidagi bolalarni rivojlantiruvchi o‘yinlar va ekologik toza o‘yinchoqlar bilan ta'minlash, o‘quv-metodik va multimedia qo‘llanmalarini ishlab chiqish hamda tatbiq qilishga e'tibor qaratiladi. Kun.uz muxbiri bolalarning erta rivojlanishiga innovatsion yondashuvga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun maktabgacha ta'limga bag‘ishlangan I O‘zbekiston-Xitoy forumi doirasida shu haqida xabar berdi.

"Bugunga kelib ta'lim davlat va fuqarolik jamiyatini ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishdagi asosiy resurs sifatida e'tirof etilgan. Hozirda O‘zbekiston hukumati tomonidan maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarning rivojlanishiga katta e'tibor qaratilmoqda", - dedi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Foto: Askar Yakubov

Uning ta'kidlashicha, Xitoy Xalq Respublikasida 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 26 mingdan ortiq maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat yuritadi. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, maktabgacha ta'lim tizimiga bolalar qamrovi 81,7 foizni tashkil etadi.

"Xitoyda maktabgacha ta'lim tizimida asosan bolalarni rivojlantiruvchi o‘yinlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘yinchoqlaridan foydalaniladi", - dedi vazir.

Agrippina Shin O‘zbekistonda XXR tajribasini qo‘llash maktabgacha ta'lim sifatini oshirish, bolalarni MTMlarga qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, o‘quv-metodik va didaktik materiallar sifatini yaxshilash yo‘lida xizmat qilishiga umid bildirdi.

Forum doirasida vazirlik va idoralar vakillari ma'lum bir loyihalarga erishish maqsadida Xitoy kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishdi. Ularda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonalarini tashkil etish, bolalarni erta rivojlantiruvchi intellektual o‘yinchoqlar ishlab chiqarish, shu bilan birga, kadrlar malakasini Xitoyda oshirish, stipendiyalar dasturi hamda ilmiy unvonlarni joriy etishda O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari o‘zlarining maktabgacha ta'lim tizimi vakillarini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarini namoyish qilishdi.

Foto: Askar Yakubov

Forum doirasidagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, Maktabgacha ta'lim Vazirligi qoshidagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi va Xitoyning qator kompaniyalari - Shanghai Andersen Paradise Group Co.,Ltd, Zhejiang Hexin Toys Group, Kaiqi Group Co.,Ltd, Ningbo Rainbow Toys Co.,Ltd i Xiaomi HK Limited o‘rtasida Anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu ishlab chiqaruvchilar yog‘ochdan ishlangan o‘yinchoqlar, plastik, temirli inventarlar, rivojlantiruvchi o‘yinlar, o‘yin jihozlari, bolalar o‘yin maydonchalari, mebel, o‘quv multimedia qo‘llanmalari kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Ushbu mahsulotlar Xitoyning nafaqat ichki bozorida, balki Shimoliy Amerika mamlakatlari, Yevropa, Yaponiya va Avstraliya kabi mamlakatlarga ham eksport qilinadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid