Jamiyat | 08:54 / 05.06.2019
36709
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklif qilinmoqda

Foto: Fotolia / Karelin Dmitriy

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Abituriyent telekanali”ni tashkil etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Bildirilishicha, xalqimiz azal-azaldan ilmga chanqoq bo‘lib, innovatsion g‘oyalarni ilgari suruvchi va yangilikka intiluvchi xalq sifatida dunyoga tanilgan. Shu sababli, bugungi kunda ham yurtimizda yoshlarning bilim olishlari, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirda yoshlarning oliy ta'lim tizimida sifatli bilim olishlari va o‘z sohalarining yetuk mutaxassislari bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

“Shu maqsadda, o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan bitiruvchilar ham bor kuch-g‘ayratlarini oliy ta'lim muassasasiga kirishga sarflashadi. Abituriyentlar yurgan yo‘llarida o‘qib, izlanib, radio va telekanallar orqali ta'lim sohasiga taalluqli bo‘lgan turli yangiliklarni kuzatib borishadi”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Ta'kidlanishicha, hozir mamlakatda radio tinglovchilar va televideniye muxlislari orasida abituriyentlar salmoqli o‘ringa ega. Agar abituriyentlar uchun ham maxsus telekanal tashkil etilib, u orqali fanlarga doir tavsiya va tushuntirishlar berib boriladigan bo‘lsa, abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalari yanada ortadi. Maxsus telekanalning tashkil etilishi ko‘plab qulayliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi aytiladi.

“Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda, “Abituriyent telekanali”ni tashkil etishni taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.

Mavzuga oid