14:10 / 10.06.2019
3908

SSV: Shu yilning 5 oyida tez tibbiy yordamga 4 milliondan ortiq murojaat bo‘lgan

Tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki qariyb 1500ta yangi avtomashinalarni xarid qilish evaziga batamom yangilanib, ularning umumiy soni 2400ga yetkazildi. Natijada tizimning maxsus avtotransportga bo‘lgan talabi mamlakatimiz tarixida birinchi marta to‘liq hajmda qoplandi. Yangi xarid qilingan 231ta zamonaviy reanimobil 4,1 million AQSh dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlandi. Keyingi bosqichda yana 1200ta tez tibbiy yordam mashinasini to‘liq va 712ta avtomobilni qo‘shimcha jihozlash rejalashtirilgan. Bu haqda Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab tashkil etilgan  matbuot anjumanida so‘z yuritildi.

«Tez tibbiy yordam xizmati avtotransport bilan to‘liq ta'minlanishi brigadalarning chaqiriqlarga kechikishi holatlarini keskin kamaytirdi. Kechikish holatlarini yanada kamaytirish maqsadida mavjud 2400dan ortiq brigadadan 1513tasi uzoq hududlarda joylashgan aholi punktlariga yaqinlashtirildi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash jarayonini markazlashtirish natijasida bir chaqiriqning dori vositalari bo‘yicha qiymatini har yili kamida ikki barobar oshirib borishga erishildi va joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 5800 so‘mni tashkil qilmoqda. Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasini faoliyat ko‘rsatayotgani ham soha rivojida muhim o‘rin tutmoqda.

Anjumanda e'tirof etilganidek, Shoshilinch tibbiy yordam tizimi sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik va kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanadi. Birgina o‘tgan yilda ushbu tizim muassasalariga jami 13 milliondan ziyod bemorlar murojaat qilgan bo‘lib, shulardan 9,8 million nafarga yaqini «103» xizmati bo‘yicha va 3,3 millionga yaqini statsionar tuzilmalarga murojaat qilishgan. 2019 yilning o‘tgan 5 oy mobaynida esa umumiy murojaatlar soni 4 milliondan ziyodni tashkil etib, 1,2 milliondan ortiq bemorga statsionar muassasalarda yordam ko‘rsatildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va subfiliallarida yiliga 300 mingdan ortiq bemorga statsionar sharoitda murakkab xirurgik amaliyotlar o‘tkazilmoqda. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va ahamiyatini e'tiborga olgan holda aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani ham tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va uning faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top