Shu kunlarda Qarshi shahri gaz idorasiga ishi tushgan deyarli hammaning og‘zida bir gap: «Qarzim yo‘q, ammo falon so‘m penya chiqibdi. To‘lamasa bo‘lmasmish». Bu holga faqat bir-ikki kishi duch kelgan bo‘lsa ham mayli edi. Tushunsa bo‘lardi. Axir intizomsiz iste'molchilar ham yo‘q emas-da oramizda. Biroq qizig‘i, dabdurustdan xabari berilgan ushbu «siylov»dan bebahra odamni uchratmaysiz hisobi. Bevosita joyiga borib o‘rganish asnosida ham bunga to‘la ishonch hosil qildik.

Odamlar nima deydi?

Kimdir penya xabarini eshitib sarosimaga tushgan, kimningdir jig‘ibiyroni chiqqan. Buni ularning yuzi-yu so‘zidan bilish ham qiyin emas. Hayratdan yoqa ushlayotgan iste'molchilar ham topiladi. Ayrimlarini suhbatga tortdik.

«Qarzni to‘layman, deb kelsam 235 ming so‘m penya chiqarib o‘tiribdi. Kompyuterga qarab aytishdi. Hisoblagich bo‘yicha o‘tgan oy 6 ming so‘m ishlagan. Doim oyma-oy to‘lov qilib kelganmiz. Ortiqchasi bilan 50 ming so‘m to‘lamoqchi edim. Endi bu ahvol. Nega bunday qilishadi, hayronman. Yo‘q joydan penya deb tursa. Oilada bir o‘zim ishlayman. 500 ming so‘m maosh olaman. Osonmas-da. Qay biriga yetkazaman?!», deydi Qarshi shahri «Kat» mahallasida yashovchi Tamara Ikromova.

«Chaqar» mahallasidan Gulbahor Xudoyorova ham intizomli iste'molchi bo‘lish payidagi fuqarolardan. O‘zi pensioner. O‘tgan oy foydalanilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlikni so‘ndirgani kelgan. Qarzdan qutulgani yetmaganidek, abonent daftarchasi ustiga «186 ming so‘m penya», deb yozib qo‘yishibdi. Shoshib qolgan ayol 150 ming so‘mini to‘lab ham beribdi.

Qarshi shahri «Gulshan» mahallasida istiqomat qiluvchi Nigora Hamidova xonadoniga gaz uchun 1 million so‘mdan ziyod penya hisoblangan.

«Yashab turgan uyimizni 2017 yilda birovdan sotib olganmiz. Notariusdan o‘tkazguncha, uy egasi «MIBdan gazdan qarzi yo‘q», degan ma'lumotnoma olib kelib beruvdi. Tartibi shunday ekan. Bugun bilsak, 5-6 yilligini ko‘tarishibdi. Bizda shuncha penya bor ekan. Qiziq, qarzi bo‘lmasa, penya qayoqdan keldi?! 100 mingning nari-berisida bo‘lsa ham boshqa gap edi. To‘lab ketardim. Qayerdan topaman buncha pulni? Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Kommunaldan qarzi yo‘q, degan «spravka» talab qilishadi. Shunga keluvdim o‘zi. Endi bu penyani oyligimdan ushlab qolishmasa yaxshi edi. Qiynalib topgan pulimizni yemay-ichmay, shu penyaga ishlatamizmi?!», - deydi u.