Samarqand shahridagi Qorasuv maskani «Obod maskan» mahallasidagi bir guruh fuqarolar o‘zlari yashayotgan uylarning kutilmaganda qimmatlashgani va sifati yuzasidan Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.

«Xabaringiz bor, 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorlari asosida «Obod maskan» mahallasida 32ta 7 qavatli arzonlashtirilgan uylar qurilgandi. 2017 yil ko‘rsatilgan va e'lon qilingan narx bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgandik. Boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirayotganda Samarqand shahar hokimligi va «Ipoteka bank» Samarqand viloyat filiali tomonidan uylarning bir kvadrat metri uchun 2 850 000 so‘m ekani to‘g‘risida e'lon chiqarilgandi. Uylar belgilanganidek 2018 yil emas, 2019 yil qurib bitkazildi. Ko‘pchilik joriy yil bahorida ko‘chib kirdi. Hammada endi uyimiz bor degan xursandchilik edi. Ammo so‘nggi kunlarda bizga noma'lum sabablar bilan uylar narxi keskin oshib ketdi. Bir kvadrat metr uchun 3 450 000 so‘mgacha narx qo‘yilmoqda. Bank xizmati bilan bundan ham ko‘proq. Biz uy uchun boshlang‘ich to‘lovni ikki yil oldin to‘lab qo‘yganmiz. Narx oshishi sababi, ogohlantirilmagani, tushuntirish ishlari olib borilmagani, bizni shunga loyiq ko‘rishmagani yana ham achinarli», deyiladi murojaatda. 

Murojaatni o‘rganish uchun borganimizda 40 nafardan ziyod kishi to‘plangan edi.

Suhbat davomida ma'lum bo‘ldiki boshlang‘ich to‘lov vaqtida uyning ko‘rsatilgan maydoni ham bugun o‘zgarib qolgan. Aytaylik, hokimlik e'lonida ikki xonali uylar 60 va 70,4 kvadrat metr deb ko‘rsatilgan. Bugun esa hammada har xil kvadrat metrli uy, kimdadir 60, kimdadir 63... Aytaylik, 70 kvadrat metrli uy uchun boshlang‘ich badal to‘lagan fuqaro bugun 64-65 kvadrat metrli uyga ega. Yoki 60 kvadrat metrli uy uchun boshlang‘ich to‘lov amalga oshirgan M.O‘tayevaning uyi ko‘chib kirganda 54 kvadrat bo‘lib chiqmoqda. Uy narxi esa shunga mos ravishda arzon emas, aksincha.