O‘tgan hafta so‘ngida Gruziyadagi siyosiy vaziyat birdan keskinlashdi. Norozilik portlashining yuz berishiga rossiyalik deputat Sergey Gavrilovning Gruziya parlamenti raisi kursisiga o‘tirgani sabab bo‘ldi. Lekin rossiyalik amaldorning bu harakati shunchaki bir bahona bo‘lgani, xalqning junbishga kelishi uchun sabab anchadan buyon pishib yetilgani borasida taxminlar bor.

Xo‘sh, Gruziyada siyosiy kurash darajasi oshishiga nimalar sabab bo‘ldi? BBC bu borada tahliliy maqola e'lon qildi.

Kimning qo‘li — Moskvaning yoki Ivanishvili?

20 iyun kuni bir necha ming kishi Gruziya parlamenti binosi oldida to‘plandi. Ko‘pchilik Rossiyaga qarshi shiorlarni baqirib aytib, Moskvani Gruziyani okkupatsiya qilishda ayblashdi. Lekin yig‘ilganlarning talablari ko‘proq ichki siyosat bilan bog‘liq edi.

Foto: EPA/TASS

«Rossiyalik deputat bilan bog‘liq epizod — shunchaki ramziy lahza. Hukmron partiyaga nisbatan shubha-gumonlar va hukumatdan norozilik anchadan buyon bor edi. Faqat hozirga kelib ular norozilik namoyishiga do‘ndi», — degan Bi-bi-siga intervyusida gruzin siyosatshunosi Giya Nodia.

2012 yildan buyon mamlakatda «Gruziya orzusi» partiyasi hukmronlik qiladi. Bu partiya milliarder Bidzina Ivanishvili tomonidan tuzilgan va unga tegishli hisoblanadi.

Ivanishvili hech qanday davlat mansablarini egallamagan, lekin aksariyat uni Gruziyadagi ta'sir kuchi eng katta inson sifatida biladi.

«Rossiyada men o‘zimning eng yaxshi 20 yilimni o‘tkazganman», — degan edi kunlarning birida Bi-bi-si rus xizmatiga intervyusi chog‘ida biznesmen.

Ivanishvilining tarjimai holi, uning Rossiyadagi bizneslari va Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash zaruriyati borasidagi chaqiriqlari muxolifatga milliarderni Gruziya manfaatlariga zid o‘laroq Rossiya tarafdori bo‘lib chiziq o‘tkazishda ayblash uchun imkon yaratdi. Aslida ham shundaymi?

Ivanishvilining partiyasi hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Tbilisi va Moskva o‘rtasida bir qator yo‘nalishlardagi muzokaralar konstruktiv izga tushib oldi.

Ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar, gruzin sharobi, mineral suvi va mevalari eksporti tiklandi.