Plagiat nafaqat san'atda, balki adabiyotda, fan va ta'limda ham köp uçramoqda, deyiladi «Hurriyat» gazetasining 15-sonidagi «Plagiat, köçirmaçilik va oqibat» maqolasida.
Maqola muallifi özbek adabiyotida plagiatning turli-tuman şakllari kuzatilayotganini yozadi.
«Gazetada bir hikoya öqidim, uning sarlavhasi ostida «falonçiyev tayyorladi» deyilgan ekan. Rukn ─ Jahon adabiyoti durdonalari. Hikoyaning muallifi qayd etilmagan. Yo materialni tayyorlagan kişining özi jahon adabiyotiga daxldor şaxsmikan, deb öyladim. Lekin özim bilgan mualliflar orasida bunday ismni uçratmadim. Xotiramga öqiganlarim kelaverdi. Oxiri esimga tuşdi: gazetadagi material Paustovskiyning «Keksa oşpaz» hikoyasining na tarjimasi, na tabdili edi: özbekça matnda uning sarlavhasi, badiiy detallari, Motsartdan boşqa qahramonlarning nomi özgartirilgandi. Bu na taqlid, na tarjima, na şarh, na tabdil edi...»
Muallif Bozor Ilyos al-Aminning bayon etişiça, fan va ta'lim sohasida ham plagiatlikning çeki yöq. Ayniqsa, talabalarning diplom himoya qilişida bu holat köp uçraydi va bu sifatga ta'sir qilmay qolmayapti.
«Ba'zan hatto köp yillik tajribaga ega tadqiqotçilar ham monografiyalarda avval özga ilmiy işidan bir iqtibosni «qoida» ga amal qilib oladilar, keyin beş-ön sahifagaça tap tortmay köçiradilar. Göyo «tirnoq» içidagisi kitob muallifiniki-yu, qolganlari esa köçirgan janob qalamiga mansubday. Heç bölmasa, ora-sirada manbaa körsatilsa ham mayli edi. Plagiat zamirida nima bor? Azaldan özi loyiq bölmagan obröga erişiş uçun yoki maşhurlik kasaliga (maniya veliçiya) yöliqqanlar köçirmakaşlik qiladi. Gohida esa ilojsizlikdan bunga qöl uradi. Birinçi holat haqida köp aytilgan. Ikkinçi holat, ayniqsa, oliy ta'lim tizimida bitiruv malakaviy iş yoziş (BMI) va himoya qilişda bor böy-basti bilan namoyon böladi. Talaba 70-90 betlik işni tayyorlaşi kerak. Özi bir sahifa u yoqda tursin, bir jumlani ham mustaqil ravişda tuzolmaydi. Unga umrida hali biror varaq ilmiy maqola yozmagan kişi ilmiy rahbarlik qilişi ham ehtimoldan xoli emas. Nima qilsin? Talabaning iloji yöq: u yo işni biror joyda köçirib oladi, yo köçirib berişadi. Yo tayyorini sotib ola qoladi. Bu jarayonni köpçilik biladi. Lekin haligaça biror mutaxassis yoki mutasaddi bu borada oğiz oçganini körmadim. Kim ham özi ötirgan şoxni arralardi?
Hamma bitiruv malakaviy iş yozişi şartmi? Bu vazifani faqat özi xohiş bildirgan iqtidorli talabalarga yuklab, öquv rejasida BMIga ajratilgan yuklamaning qolgan qismini (soatlarni) mutaxassislik böyiça nazariy va amaliy darslar uçun taqsimlab çiqiş va soha böyiça davlat imtihonlarini oğzaki topşirişni qayta joriy etiş balki samaraliroq bölar? Şunda kitob öqiş va uqiş yana talabaning asosiy vazifasi ekanligini ular his qilişar? Axir tört yil oliygohda yurib, kutubxona qayerdaligini bilmay, bitta ham kitob öqimay diplom olib ketayotganlar ozmi? Bitiruv malakaviy işlar qayerda sotiladi, deysizmi? Internet bir zumda minglab tayyor diplom va bitiruv malakaviy işlar röyxatini oldingizga taşlaydi. Şuningdek, dissertatsiyalarni ham» , ─ deya yozadi u.












