Jamiyat | 19:10 / 08.07.2019
11487
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi: Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar kesilishi bo‘yicha o‘z vaqtida xulosa berilgan

Bugun, 8 iyul kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi OAV vakillari uchun mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olish, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida o‘tkazilgan davlat ekologik nazorati natijalariga ko‘ra respublika miqyosida jami - 2524ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan, 513,4 mln. so‘m jarima belgilangan, 2093ta holat bo‘yicha 412,5 mln. so‘m jarima undirilgan.

O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar - 1571ta da'vo bo‘yicha 2 mlrd 243. mln so‘mni tashkil etib, shundan 1232ta ma'muriy ish yuzasidan 961, 9 mln. so‘m undirib olingan.

Jarima va zararni undirish hamda tegishli chora qo‘llash maqsadida «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarini buzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan 189ta ma'muriy hamda jinoiy ish hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga (sud, prokuratura, MIB, IIV) yuborilgan.

Shuningdek, bugungi kunda Toshkent shahrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bo‘yicha fuqarolarning murojaatlari tobora ortib borayotgani qayd etildi.

Respublika bo‘yicha jami o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesishga kelib tushgan arizalar soni 3030tani tashkil etadi. Shundan 1825ta murojaatga daraxtlarni kesish uchun ijobiy xulosa berilgan hamda 1205ta murojaatga salbiy xulosa, ya'ni arizasiga rad javobi berilgan. Shu jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha jami kelib tushgan arizalar soni 1139tani tashkil etadi. Shundan 556ta murojjatga daraxtlarni kesish uchun ijobiy xulosa berilgan hamda 583ta murojaatga salbiy xulosa, ya'ni arizasiga rad javobi berilgan.

Tadbirda qo‘mita necha yillik ishlarga chora ko‘rishi, Amir Temur xiyobonida kesilgan daraxtlar bo‘yicha o‘rganish olib borish ehtimoli qandayligi to‘g‘risida so‘raldi.

«Tabiatga, xususan daraxtlarga jon kuydirayotganingiz uchun katta rahmat. Qo‘mita 3 yilgacha bo‘lgan holatlarni tekshiradi. Lekin aynan Amir Temur xiyobonida kesilgan daraxtlar bo‘yicha rasmiy so‘rovnoma yuborsangiz, o‘rganib chiqishimiz mumkin», deya Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari O‘ktam O‘tayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Anjuman jarayonining o‘zida rasman og‘zaki so‘rov qilingani e'lon qilinganidan so‘ng qo‘mita jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Sevara Davlatova o‘z vaqtida yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgani, tegishli hujjatlar o‘rganish, huquqiy baho berish va chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga, xususan prokuraturaga topshirilganini bildirdi.

Mavzuga oid