O‘zbekiston | 16:09 / 08.07.2019
5150
6 daqiqa o‘qiladi

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining yarim yillik hisoboti e'lon qilindi

8 iyul kuni Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi jurnalistlar ishtirok o‘tkazilgan matbuot brifingda yarim yillik hisobotini e'lon qildi. 

Qo‘mita raisi, senator Muhamet Jumageldiyevning qayd etishicha, o‘tgan olti oy davomida qo‘mita tomonidan 27 tadan ortiq masala muhokama qilingan. Ularning asosiy beshtasi qo‘mita faoliyatiga aloqador qonunlardir.

Jumageldiyev ba'zi qonunlarga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar xususida brifing davomida to‘xtalib o‘tdi.

— Hukumatni shakllantirish tartibi, demokratlashtirilishi va uning mas'uliyatini kuchaytirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuniga asosan Vazirlar Mahkamasi a'zosi lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodning Oliy Majlis qonunchilik palatasi va Rais oldida hisobot berib, deputatlar tomonidan ularning oldiga qo‘yilgan vazifalari bo‘yicha rejalari eshitiladi. 

Shundan keyin ma'qullash ijobiy bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasi nomzodni belgilanayotgan lavozimga tayinlashi mumkinligi to‘g‘risida o‘zgarish kiritildi. Shuningdek, ushbu qonundan keyin Vazirlar Mahkamasi, bosh vazir, hukumat a'zolari va vazirlar Oliy Majlis palatalari oldida hisobot berilishi ham belgilab qo‘yildi, — deya ta'kidladi senator. 

Foto: senat.uz

«Hech qaysi davlatda barcha loyihalar to‘lig‘icha davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi» 

Bundan tashqari, qo‘mita raisi o‘z hisobot nutqida uchta yangi qonun qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilganini va yalpi majlis muhokamasiga kiritilganini aytdi. U «Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida», «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Hisob palatasi to‘g‘risida»gi qonunlar ishlab chiqilishi, ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Shuni ta'kidlash kerakki, hech qaysi davlatda barcha loyihalar to‘lig‘icha davlat tomonidan moliyalashtirilishi va mablag‘ bilan ta'minlanishi amalga oshirilmaydi. Chunki barcha loyihalarning davlat tomonidan ta'minlanishining o‘zi ham muammo. Ya'ni har bir davlatda amalga oshiriladigan loyihalar ko‘pligi va mablag‘ning yetarli emasligi sababli aynan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga e'tibor qaratiladi.

Asosan ijtimoiy sohalarda bo‘ladigan, davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘larda katta strategik loyihalarni amalga oshirishda ko‘pchilik davlatlarda davlat-sheriklik asosida loyihalar amalga oshiriladi. Bu degani davlatning ajratishi kerak bo‘lgan mablag‘larining bir qismini xususiy sheriklar o‘z zimmasiga oladi. Bizda ham bu bo‘yicha harakatlar boshlangan».

«Energiya manbalarining 3 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobidan amalga oshirilyapti» 

Senator qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonunni shu sohadagi tayanch me'yoriy hujjat bo‘lishiga e'tibor qaratdi.

«Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi iqtisodiyotda energiyaviy resurslar sarfini kamaytirishga, ishlab chiqarishda energiya tejovchi texnologiyalarni keng jalb etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga doir qonuniy shart-sharoitlar ushbu qonun bilan belgilanadi.

Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarda jami ishlab chiqarilayotgan energiyaning 50-60 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bizda ishlab chiqarilayotgan energiya manbalarining 3 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobidan amalga oshirilyapti», — deya qayd etdi senator.  

Shuningdek, Hisob palatasining 2002 yilda tashkil etilgani, shu paytgacha uning faoliyatini tartibga soluvchi yagona qonun bo‘lmagani va bu Prezidentning qaror, farmonlari va organning ichki nizomi bo‘yicha faoliyat yuritib kelgani brifingda aytildi. «Hisob palatasi to‘g‘risida»gi ushbu qonun sohadagi huquqiy me'yorlarni tartibga solishi ta'kidlandi.

«Hisob palatasi to‘g‘risida» gi qonun hisob palatasining huquqiy asosini tartibga solishga moliya va budjet munosabatlarini rejalashtirish hamda takomillashtirish bo‘yicha davlat siyosatini ta'minlashga, Hisob palatasi faoliyati sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali uning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga, O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimi ishonchli faoliyat ko‘rsatishga, budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazoratni ta'minlashga, oddiy darajadagi tashkilot doirasida erishilgan bitim va shartnomalar, davlat dasturlari va hududiy rejalashtirish dasturlarining bajarilishi ustidan nazorat olib borishga qaratilgan», — dedi senator Muhamet Jumageldiyev.

Avvallari Hisob palatasi faqat budjet tushumlari va xarajatlarni nazorat qilish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, oxirgi 2 yil davomida uning faoliyat doirasi kengaytirilib, ularga juda ko‘p vazifalar, aynan davlat dasturlarining ijrosi, hududiy dasturlarning ijrosi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident qarorlari va topshiriqlarining ijrosini joylarda nazorat qilish yuklatilgani qo‘shimcha qilindi.

Qo‘mita raisi, senator Muhamet Jumageldiyev «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrir loyihasi tayyorlangani va tegishli vazirlik va xizmatlar tomonidan tomonidan ko‘rib chiqilayotganini ham ma'lum qildi.

Mavzuga oid