Prezident yangi saylangan senatorlarning faol bo‘lishiga ishonch bildirdi
Ilgari senatorlar qonunlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vakolatga ega emas edi. Yangilangan Konstitutsiyada Senatga qonunchilik taklifini kiritish huquqi berilishi bilan masala o‘z yechimini topdi. Prezident yangi saylangan senatorlar endi bu jarayonlarda faol bo‘lishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yangi chaqiriqdagi ilk yalpi majlisida ishtirok etmoqda. Davlat rahbari yuqori palata a’zosi etib saylanganlarni tabrikladi.
Mirziyoyev o‘z nutqida aytishicha, senatorlarning har 3 nafaridan biri ilmiy darajaga ega. Qariyb 27 foizi yoki 16 nafari – xotin-qizlar. Bu – oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi, dedi prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan saylovlar “mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab bermoqda”.
Mahalliy kengashlar tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ilk bor deputat bo‘lgan. Kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgan, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshgan. Bu – Senat faoliyatini endilikda yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etishda muhim rol o‘ynashi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev yuqori palataning avvalgi tarkibi faoliyatini e’tirof etdi.
“Ayniqsa, ayollar huquqlarini ishonchli ta’minlash, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik ko‘rsatdi.
Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitildi, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritildi.
Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetdi”, – dedi prezident.
“Konstitutsiya yangilanishi bilan, Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi.
Ilgari senatorlar nazorat tadbirlarida yoki saylovchilar bilan uchrashuvlarda qonunlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vakolatga ega emas edi. Yangilangan Konstitutsiyada Senatga qonunchilik taklifini kiritish huquqi berilishi bilan masala o‘z yechimini topdi.
Prezident yangi saylangan senatorlarimiz endi bu jarayonlarda faol bo‘lishiga ishonch bildirdi”, – deyiladi rasmiy relizda.
Mavzuga oid
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
00:30 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi
20:19 / 24.12.2024