Jamiyat | 20:22 / 11.07.2019
40870
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholi eng ko‘p qanday holatlar sabab o‘z joniga qasd qilayotgani ma'lum qilindi

O‘zbekistonda 2019 yilning 4 oyi davomida suitsid ko‘rsatkichi tahlil qilindi. Unda erkaklar salmog‘i yuqoriligi (57.3 foiz erkaklar, 42.7 foiz ayollar) qayd etildi. Erkaklarda bu holat ularning oilali, farzandli bo‘lgan vaqtiga, mustaqil hayot kechirayotgan davriga to‘g‘ri kelmoqda. Ular orasidagi suitsidlarining asosiy sabablari moddiy ta'minotga bog‘liq.  “Respublikada o‘z joniga qasd qilish holati yosharib bormoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich shu davrga nisbatan 3.6 foizga kamaydi”, - deyiladi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova taqdim etgan ma'lumotda.

Bositxonovaning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda aholi suitsidiga quyidagilar sabab bo‘lyapti:

·       Ruhiy kasallik, asabiy xarakter, xulq-atvorida salbiylik alomatlari yuqori bo‘lishi, ruhiyatdagi o‘zgarishlar (45 foiz).

·       Oilaviy janjallar, xususan, er-xotin, qaynona-qaynotalar, erning qavm-qarindoshlari yoki o‘zining boshqa birovlar bilan janjallashib qolishi (13,7 foiz).

·       Moddiy-maishiy jihatdan kam ta'minlanganlik (2,3 foiz).

·       Giyohvandlikka ruju qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olmaslik (1,7 foiz).

·       Rashk tufayli (0,7 foiz).

·       Ishxonadagi kelishmovchiliklar, boshqa birovning shaxsga tegadigan darajada haqorat qilishi (0,3 foiz).

·        Boshqalar (sevgani bilan janjallashib qolishi, o‘qishga kira olmasligi, farzand kasalligi yoki yo‘qligi, pulini yo‘qotish, boshqalar bilan ziddiyat) (17,6 foiz).

Qo‘mita raisi Bositxonova suitsid vositalari haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilganlarning 66,8 foizi hayotni tark etgan. Suitsid vositalari orasida o‘zini osish birmuncha keng tarqaldi, bu 76,8 foiz holatda aniqlandi, o‘zini yoqib yuborish suitsid vositasi sifatida kam qo‘llaniladigan usul hisoblanib, undan suitsidentlarning 1,5 foizi foydalanadi.

Mavzuga oid