O‘zbekiston | 20:29 / 12.07.2019
14152
7 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman: Inson tug‘ilgandan boshlab, o‘z haq-huquqi, erkinligi uchun kurashib kelgan 

Inson haq-huquqlari va uni himoya qilish barcha jamiyat uchun hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. O‘zbekiston misolida ham bu mavzu o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Shu munosabati bilan, Kun.uz Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman Ulug‘dek Muhammadiyev bilan suhbatlashdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Inson huquqlari mavzusi, aslida, juda keng qamrovli tushuncha. Uni har kim o‘z bilganicha tushunib, talqin qilishi mumkin. Lekin professional til bilan aytganda inson huquqlari o‘zi nima, uni biz qanday tushunishimiz kerak?

— Albatta, bu tushunchaga turli tarafdan yondashish mumkin. Chunki inson huquqlari atamasini faylasuflar, ilm ahli, huquqshunoslar – hammasi ta'riflashga harakat qilgan.

«Mening erkinligim sizning erkinligingiz boshlangan joyda tugaydi», degan ibora bilan izohlasak, menga berilgan erkinlik siznikining chegarasigacha degan qarash ham mavjud. Bir insonning huquq-erkinliklari boshqa bir insonning erkinligiga daxl qilmasligi zarur. Unutmaslik kerakki, erkinlik- insoniy zaruriyat.

Shuningdek, inson huquqlari shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquq kabi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Yashash huquqi - bular orasida eng asosiysi.

Inson tug‘ilgandan boshlab, u o‘z haq-huquqi, erkinligi uchun kurashib kelgan. Chunki erkinlik insonning tabiiy ehtiyoji. Shu nuqtai nazardan qarasak, insoniyat tarixi hamisha erk uchun kurashlarga boy bo‘lgan.

Ombudsman so‘zi - bugun rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda ko‘p ishlatiladigan atama. Negaki, uni inson huquqlarini himoya qiluvchi sifatida tushunishadi. Ombudsmanning tarixi ham qiziq. Bu so‘z shved tilidan olingan bo‘lib «vakil» degan ma'noni anglatadi. U eng avval shved qiroli huzurida faoliyat yuritgan. Keyinchalik parlament shakllangandan so‘ng 1809 yildan Parlament huzuriga ko‘chgan.

XVII asrlarda shved qirolligiga hujum uyushtirilganda qirol hozirgi Turkiya hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘ladi. Qochqinda turk sultoni himoyasida qirol islom dini ta'siridagi mamlakat jamiyatida fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi, o‘rnatilgan tartiblarni nazorat qiluvchi insonlarni kuzatadi. Keyinchalik o‘z vataniga qaytib, mana shu tizim o‘z davlatida mavjud bo‘lishini xohlagan qirol Ombudsman lavozimini joriy etadi va bu Yevropada ham ommalashadi.

Shved qiroli islom davlatlarda faoliyat yuritgan muhtasiblar ishini kuzatgan edi. Muhtasib – islom dini va shariat ahkomlari bilan faoliyat yuritgan, nazorat funksiyasini bajargan. Hozirgi kun bilan solishtirsak, ular politsiya vazifasini ham ado etgan: qoidaga amal qilmaganlar jazolangan.

Keyinchalik ular kengroq doirada ishlay boshlashgan. Muhtasiblarda fuqarolarning murojaatini hukmdorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkoni ham bo‘lgan.

Masalan, ispan elchisi Klavixoning Amir Temur huzuriga tashrifi to‘g‘risidagi kundaligida yozilishicha, Temur topshiriq berganda o‘z vaqtida bajarmagan rahbarlar va ularning bu kamchiligi haqida axborot beruvchi shaxslar bo‘lgan. Shuningdek, fuqaro murojaatlari bilan ishlamagan aynan ana shunday rahbarlarning shaxsan Amir Temur tomonidan ko‘pchilik ichida jazolangani Klavixo tomonidan kichik epizod sifatida qayd etilgan. Mana shu misolda ham ko‘rishimiz mumkinki, Amir Temur inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan qat'iy bo‘lgan.

Lekin, afsuski, biz o‘z hududimizda ombudsman sohasining rivojlanish tarixini chuqur bilmaymiz. Chunki ko‘pchilik kitoblarda faqat qisqa sharhlarnigina kuzatish mumkin, biroq bu yetarli emas. Shuning uchun inson huquqlari va ombudsman tarixini biz uchun hali ochilmagan qo‘riq, deb atash mumkin.

— Demak, inson huquqlari tushunchasini fuqarolarning murojaatlaridan tortib, mas'ul rahbarlarning faoliyatiga baho sifatida ham tushunish mumkin. Shulardan kelib chiqqan holda bugun O‘zbekistonda inson huquqlari qay darajada deb o‘ylaysiz, tushuncha atrofida qilinayotgan o‘zgarishlarga munosabatingiz qanday?

—Sobiq Ittifoq davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, inson huquqlari masalasi juda og‘ir ahvolda edi. Chunki biz qatag‘on davrini boshdan kechirdik, ko‘plab ziyolilardan ayrildik. U davrda haqiqatni aytishga uringan odamlar ham yo‘q qilindi. Millat o‘z fidoyilaridan ayrilgani hech kimga sir emas.

Biroq mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtda inson huquqlarini himoya qiluvchi bir qancha tashkilotlar paydo bo‘ldi. Masalan, Ombudsman instituti 1995 yilda paydo bo‘lgan. Yoki shu yillarda tashkil qilingan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, bundan tashqari, Prezident huzurida amaldagi qonun hujjatlarini monitoring qiluvchi institutning mavjud bo‘lganligi ham bu yo‘nalish rivojini ko‘rsatadi.

Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlarining tarkibida ham inson huquqlarini himoya qiluvchi lavozimlar mavjud.

E'tirofli tomoni, oxirgi 2-2,5 yil oralig‘ida O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasida keskin burilish davri boshlandi. Chunki tan olish kerakki, garchi o‘tgan yillar davomida ham huquq buzilishi holatlarini o‘rganadigan, tegishli joyga yetkazadigan insonlar faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, natijaga kelganda davr va yondashuv jihatdan kamchiliklar mavjud bo‘lgan.

Hozir esa huquqiy makonning paydo bo‘lishi va rahbariyatning siyosiy irodasi tufayli inson huquqlari O‘zbekistonda yangi davrini yashamoqda. 

Ombudsman bilan suhbat davomida inson huquqi faollari faoliyati tahlili, tergov va qamoqxonada saqlanayotgan ayblanuvchi hamda mahbuslarning shikoyatlari, diniy va siyosiy erkinliklar masalalariga to‘xtalib o‘tilgan. Uni video shakldagi intervyuda to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. Shuningdek, keyingi maqolalarda ular haqda batafsil e'lon qilinadi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid