Jamiyat | 20:10 / 15.07.2019
7056
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib 4 ming dollar olgan shaxsga jazo tayinlandi

17 iyun kuni Qumqo‘rg‘on tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi binosida sudya Yashin Niyozov raisligida sudlanuvchi E.T.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ushbu ochiq sud majlisida aniqlanishicha, E.T. firibgarlik va pora berishga undash bilan Sho‘rchi tumani «Go‘zallik» mahallasidagi S.E.ni Termiz davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga va'da berib, 2019 yil 28 aprel kuni Jarqo‘rg‘on tumani markazida 4000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shu bilan birga, u S.E.dan olgan pullarini hech kimga berish niyati bo‘lmagani va universitetda tanishlari yo‘qligini tan olgan.

Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi («firibgarlik») 2-qismi «a» bandi va 211-moddasi («pora berish») 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Taraflarga tegishli muddat ichida shikoyat va protest keltirish tartibi tushuntirildi.

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid