Jamiyat | 09:20
1211
2 daqiqa o‘qiladi

Tezkor tadbirlarda ikki bank xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida kredit ajratish masalasida fuqarolardan pul talab qilgan ikki nafar bank xodimi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat bankining bank xizmatlari markazi boshlig‘i R.S. ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, u tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit so‘rab murojaat qilgan fuqaro F.R.ning ishonchiga kirib, 2,5 milliard so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kredit summasining 5 foizi — 125 million so‘mni oldindan berishni talab qilgan. U mazkur mablag‘ hisobidan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yana bir tijorat bankining bank xizmatlari markazi boshlig‘i D.I. ham ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, u D.D. MChJ rahbariga 75 ming AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratib bergani evaziga olgan 2 150 AQSh dollarining bir qismi — 10,7 million so‘mni qaytarib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid