O‘zbekiston | 20:56 / 18.07.2019
4630
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ko‘chma «Packhouse»lar bo‘lishi ochiq dalada mahsulot saralashga chek qo‘yadi – Qishloq xo‘jaligi vazirligi

2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash va qadoqlashga mo‘ljallangan markazlar - «Packhouse»lar qurilishi mobil loyiha ko‘rinishida amalga oshiriladi. Ya'ni, maxsus sharoitga ega avtobus ko‘rinishdagi transport mahsulotni dala va bog‘ning o‘zida saralab, so‘ngra agrar-logistik markazlarda joylashgan sovuqxonalarga olib ketishi rejalashtirilgan. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish mavzusidagi press-brifingda ma'lumot berib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Saidkarim Mahmudovning aytishicha,  ayni paytda O‘zbekistonda jami 31ta agrar-logistik markaz mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 3 million 315 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash imkonini beradi.

2019-2021 yillar davomida yana 8ta yirik agrar-logistik markaz qurilishi rejalashtirilgan. Ularda saralash va qadoqlash funksiyalari ham bo‘lishiga katta e'tibor qaratiladi.

«Bu yo‘l bilan mahsulotni ochiq dalada saralash kabi nostandart holatlar kamaytirilib, jahon talabiga mos sharoitda saralash, qadoqlash ishlarini tashkil qilishga erishishimiz mumkin», deydi Saidkarim Mahmudov o‘z nutqida.

Bundan tashqari, jurnalistlar bilan suhbat davomida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi rahbari Nasriddin Najimov eksport qiluvchi tadbirkorga qishloq xo‘jaligi mahsuloti sifatini aniqlab beradigan xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar O‘zbekistonda yo‘qligi, shuning uchun ham tadbirkorlar dunyo bozorida o‘z mahsulotining jahon talablariga mos kelishini dalil bilan ko‘rsatishga qiynalayotganlari xususida gapirib o‘tdi.

«Demak, birinchi qiladigan ishimiz mahsulotni xalqaro standartlarga javob beradigan qilib yetishtirish bo‘lsa, ikkinchidan, ularning dunyo talabiga mosligini tasdiqlovchi laboratoriyalar qurishimiz kerak», deydi Nasriddin Najimov.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid