Jamiyat | 12:17 / 23.07.2019
5089
2 daqiqa o‘qiladi

“Vaqf” fondi ziyoratgohga ichimlik suvi olib bormoqda

Insonning chanqog‘ini qondirish, suv chiqarish masalasida ko‘plab hadislar keltirib o‘tilgan bo‘lib, ulardan olinadigan foydani to‘g‘ri anglagan inson bu ishlar qanchali savobli ekanini anglaydi. Bir hadisda bunday deyiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Kim suv bor joyga suv chiqarsa, bir jonni ozod qilgandek bo‘ladi, kim suv yo‘q joyga suv chiqarsa, bir jonni tiriltirgandek bo‘ladi” (Ibn Asokir rivoyati).

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Vaqf mulklarini tasarruf etish, ko‘makka muhtoj yoki tibbiy muolaja uchun mablag‘ talab etiladigan bemorlar uchun aksiyalar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning iyul oyida Fond tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Muhammad Hakim at-Termiziy ziyoratgohiga ichimlik suvini yetkazish maqsadida xayrli ishga qo‘l urildi.

Hozirda 4 kilometr masofaga quvurlarni yotqizish ishlari olib borilmoqda. Shu kunlarda Fond boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, ushbu ziyoratgohga ichimlik suvi quvurlarini yotqizish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Fond rahbari mo‘min-musulmonlar hayotini yengil qilish, ularga suv yetkazishdek savobli ishlarda ishtirok etayotganlar uchun Alloh taolo huzurida ulkan ajrlar borligini ta'kidlab o‘tdi.

Ushbu xayrli ishlarda qatnashganlar, homiy tadbirkorlar, homiylik qilgan barchaning haqqiga duo qilindi.

Mavzuga oid