O‘zbekiston | 18:10 / 24.07.2019
7655
2 daqiqa o‘qiladi

Hududiy elektr tarmoqlari: Yangi tizim tufayli bir tumandan yig‘im 1 mlrd so‘mga oshgan

Bugun, 24 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE) joriy etish ishlari haqida ham ma'lumot berildi. Jamiyat tomonidan ayni paytgacha 24ta tuman va shaharlarida 950 mingdan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan.

Yil yakuniga qadar 2,5 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga borib 7 milliondan ortiq iste'molchining barchasi ushbu tizimga to‘liq ulanishi ta'minlanadi.

Elektr hisoblagichlar iste'molchilarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari evaziga bepul o‘rnatib berilmoqda va har bir iste'molchiga jamiyat mablag‘lari hisobidan o‘rtacha 770 000 so‘m sarflanmoqda.

«Bu mablag‘ kim tomonidan qoplanadi?», degan savolga AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Feruz Qurbonov shunday javob berdi: «Bu tizim orqali biz ko‘plab yo‘qotishlarning oldini olamiz, to‘lov madaniyatini kuchaytiramiz. Masalan, aholisi va tizim joriy qilingunga qadar tushumi bir xil – 3,5 mlrd so‘m bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlari solishtirilsa, ASKUEga o‘tilayotgan Yunusobod tumanida tushumlar har oy 1 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ASKUE tizimidan foydalanayotgan iste'molchi har bir kilovatt uchun to‘lagan mablag‘ning 15 so‘mi jamiyat tomonidan bu mablag‘larni qoplash uchun ishlatiladi.

Mavzuga oid