Texnologiya sanoati uchun noxush xabar: Yaponiya-J.Koreya savdo tortishuvi kuchaymoqda
Janubiy Koreya Yaponiyaga murojaat qilib, o‘zaro bahs-munozaralarni keskinlashtirishning salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi. Rasmiy Seulga ko‘ra, bu jahon miqyosida smartfonlar va elektron mahsulotlar yetkazib berish zanjiriga zarar yetkazishi bilan xavf solishi hamda 80 mlrd dollarlik savdo aloqalariga putur yetkazishi mumkin.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Kang Kyung-wha yaponiyalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilar ekan, J.Koreya kompaniyalari kompyuter chiplari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan materiallarga nisbatan savdo cheklovlarini bekor qilishni talab qilgan.
U, shuningdek, Tokio J.Koreyani Yaponiya bilan eng kam cheklovlar orqali savdo qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish orqali vaziyatni yanada taranglashtirmaslikka chaqirdi.
Yaponiya 2 avgust kuni J.Koreyani o‘zi bilan qulay shartlarda savdo qiluvchi mamlakatlarning «oq ro‘yxati»dan chiqarishni rejalashtirmoqda. Agar shunday bo‘lsa, kompaniyalar J.Koreya firmalari tomonidan qurol-yarog‘ yoki harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan har qanday mahsulotni sotish uchun hukumat litsenziyasini olishi talab etiladi.
Ta'kidlash joizki, J.Koreya Yaponiyaning uchinchi eng yirik savdo hamkori bo‘lib, mamlakatning 54 mlrd dollarlik mahsulotini xarid qiladi. Bular orasida, sanoat mashinalari, kimyo sanoati mahsulotlari, avtomobillar bor.
Ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi shu oy boshida boshlandi. O‘shanda Tokio 3 xil kimyoviy moddani J.Koreyaga eksport qilishda nazorat o‘rnatdi. Ftor poliamidlar, fotorezistlar va ftor vodorodlar boshqa maqsadlardan tashqari, kompyuter chiplari ishlab chiqarishda ham qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, mazkur cheklovlar jahon yarimo‘tkazgichlar sanoatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. J. Koreyaning Samsung va SK Hynix kompaniyalari jahonda ishlab chiqariladigan chiplarning salkam 2/3 qismini yetkazib beradi. Ular smartfonlardan tortib, avtomobillargacha qo‘llaniladi. Apple va Huawei kabi ishlab chiqaruvchilar ham J.Koreya kompaniya mahsulotlarini xarid qiladi.
SK Hynix, o‘z navbatida, Yaponiya eksport cheklovlari qo‘llansa, yilning ikkinchi yarmida kam savdo ko‘rsatkichlari ehtimolidan ogohlantirishga ham ulgurdi.
Mavzuga oid
17:14 / 05.11.2024
Yaponiya dunyoda birinchi bo‘lib yog‘och sun’iy yo‘ldoshni koinotga uchirdi
14:50 / 05.11.2024
Janubiy Koreya Ukrainaga kuzatuvchilar va tahlilchilar guruhini yuborish imkonini ko‘rib chiqmoqda
12:30 / 05.11.2024
Janubiy Koreya va YeI KXDR askarlari Rossiyaga yuborilganini qoraladi
10:30 / 05.11.2024