«Tanka» filmi rejissyori vafot etdi
«Tanka» badiiy filmi rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Toreniyaz Qalimbetov vafot etdi. Bu haqda «O‘zbekkino» xabar bermoqda.
Toreniyaz Jumaboyevich Qalimbetov 1954 yil 19 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ilgan, 1976 yili Toshkent madaniyat institutini rejissyorlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
T.Qalimbetov «Qozoqfilm»da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasida, «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasida va «Qoraqalpoqkino» agentligida rejissyorlik va turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. U rejissyor sifatida 30 ga yaqin badiiy va hujjatli filmlar yaratgan va turli kinofestivallarda munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Rejissyorning eng mashhur filmlari qatorida 2002 yilda suratga olingan, xalq sevib tomosha qiladigan «Tanka» badiiy filmini tilga olish mumkin.
Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolariga chuqur ta'ziya bildiradi.