Jahon | 08:45 / 04.08.2019
10124
3 daqiqa o‘qiladi

Qatarda AQSh va “Tolibon” o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundi boshlandi 

Foto: AP

Qatar poytaxti Dohada AQSh va “Tolibon” delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundi boshlandi.

“Bugun bir necha kun davom etadigan muzokaralarni boshladik. Agar kelishuv tamomila rasmiylashtirilsa, u barcha xorijiy qo‘shinlarga Afg‘onistonni muayyan davr davomida tark etishga imkon beradi hamda Afg‘onistondagi harakatlar bilan muzokaralar uchun eshiklarni ochadi”, deb aytgan “Tolibon” vakili Suhayl Shaxin.  

Bu AQSh va toliblar o‘rtasidagi muzokaralarning 8-raundi bo‘lib, unda ikki masala muhokama qilinmoqda: Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi va Afg‘oniston hududi bu bilan bog‘liq holda AQSh va boshqa davlatlar uchun boshqa xavf solmasligi kafolati.

Avvalgi muzokaralarda o‘t ochish va Afg‘onistonaro muzokaralar bo‘yicha ziddiyatlar saqlanib qolgan: toliblar bu masalalarni AQShdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi jadvalini olgandangina muhokama qilishlarini aytishgan, AQSh o‘z navbatida qo‘shinlarini olib chiqishi Afg‘onistonda o‘t ochish to‘xtatilishi va muloqot boshlanishi bilan bevosita bog‘liq deb hisoblamoqda. 

Bu orada “Tolibon” rasmiy vakili Zabihulla Mujohid 3 avgust ertalab jangarilar Tahor viloyatining Ishqamish uyezdi ma'muriy markazidagi “eski shahar”ni bosib olganini hamda 2 avgust kechki payt va 3 avgust ertalab AQShning Bagramdagi aviabazasini raketadan o‘qqa tutganini ma'lum qilgan. 

Shu bilan birga Afg‘oniston armiyasi 3 avgustda “Tolibon”ning mamlakat g‘arbidagi 3 yetakchisi: “Tolibon”ning Farah viloyatidagi yetakchisi mulla Abdul Boriy, toliblarning g‘arbiy viloyatlardagi harakatlari koordinatori mulla Said hamda Farahdagi qo‘mondoni mulla Sodiq aviazarba davomida yo‘q qilinganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid