O‘zbekiston | 15:00 / 07.08.2019
6701
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu yilgi surunkali yog‘ingarchilik drenaj tizimidagi kamchiliklarimizni yaqqol ko‘rsatib berdi» – Toshkent shahar hokimligi

Bugun, 7 avgust kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida «Toshkent shahridagi yog‘ingarchilik mavsumlarida suv toshqinlarining oldini olish tizimi muammolari» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonqulov bu yilgi anomal yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan vaziyat va uning sabablari haqida ma'lumot berdi.

«Bu yilgi yog‘ingarchilik keskin talafotlarni keltirib chiqardi. Birgina Toshkent shahri chorrahalarida, asosiy yo‘llarda va ichki ko‘chalarda suv to‘planishi va toshishi holatlari yuz berdi. O‘rganishlar natijasida Toshkent shahrida 77ta hududda drenaj quvurlari yaroqsizligi aniqlandi. Hozirgi kungacha 58tasida to‘liq ta'mirlash ishlari olib borildi. Aniqlangan joylarda talafotlarni bartaraf etish ishlari aholi harakatlanishiga xalaqit bermaslik uchun soat 23:00dan soat 6:00ga qadar olib borildi. Qolgan 16ta hududdagi nosozliklarni yil oxirigacha tugatishni rejalashtiryapmiz, ammo va'da berolmaymiz. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu katta mablag‘ talab qiladi. 2-3 yil muddatda ushbu hududlardagi drenaj muammolari to‘liq bartaraf etiladi. Yog‘ingarchilik bizga dars bo‘ldi. Qayerda muammolarimiz borligini bilib oldik, kamchiliklarimizni yaqqol ko‘rsatib berdi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, drenaj tizimini yaxshilash uchun mablag‘lar moliya institutlari grantlari hisobidan qoplanadi. Joriy yilning iyul oyidan boshlab Toshkent shahar hokimligi Osiyo Taraqqiyot Banki bilan muzokoralarga kirishgan. Kredit mablag‘lari jalb etish bo‘yicha loyiha pasportlari ishlab chiqildi. Ayni vaqtda Osiyo Taraqqiyot Banki, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahridagi investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi mablag‘ ajratish masalasini o‘rganishmoqda.

Mavzuga oid