O‘zbekiston | 19:11 / 08.08.2019
4218
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va ICBA o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandum Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Orol dengizi havzasidagi qishloq xo‘jaligi va ekologiya muammolarini investitsiya va innovatsiyalar uchun imkoniyatlarga aylantirish” mavzusidagi ko‘p tarmoqli xalqaro forum dasturi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va ICBA direktori Ismaxane Yeloufai tomonidan imzolandi.

Mazkur memorandum Qishloq xo‘jaligi vazirligi va ICBAning quyidagi yo‘nalishlardagi hamkorligini nazarda tutadi:

─ qishloq xo‘jaligida navlar xilma-xilligini ta'minlash, o‘rmon xo‘jaligi, chorvachilik va suv xo‘jaligi o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy seleksiya metodlarini ishlab chiqish, “fermerdan fermerga” dasturi doirasida urug‘larni ishlab chiqarish va tarqatishni yo‘lga qo‘yish;
─ suv va tuproqning sho‘rlanishi holatini baholash va monitoring qilish, tuproq va suvning sifatini oshirish va sho‘rlanganlik darajasini boshqarish maqsadida ularning tarkibidagi foydali moddalarni tadqiq qilish;
─ iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish va bu o‘zgarishlarga moslashuvchanlik bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, ekologik barqarorlikni ta'minlash;
─ qishloq hududlarida oziq-ovqat va iste'mol xavfsizligini ta'minlash;
─ qishloq xo‘jaligi sohasida yangicha metodlarni qo‘llashni kengaytirishga yordam beruvchi moliyaviy manbalarni jalb qilish;
─ bilim va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli konferensiyalar va seminar-treninglar tashkil etish orqali milliy qishloq xo‘jaligi tizimidagi tadqiqotlarning salohiyatini oshirish.

Mavzuga oid