O‘zbekistonning qaysi hududlarida onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichi yuqori?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Namangan viloyatida O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari ancha yuqori.
Bu haqda kecha, 8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan “Oila reproduktiv salomatligi muammolari, uning demografik rivojlanishi, farovonligi va tinchligini o‘rganish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va hayotga samarali tatbiq qilish“ mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda “Kun.uz” muxbiri.
Markazning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish doirasida “Fertil yoshdagi ayollarning reproduktiv salomatligi va huquqlari masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida vaziyatni tahlil qilish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tizimini mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan yangi mexanizm va yondashuvlarni ishlab chiqish va tatbiq qilish” loyihasining taqdimotida mutaxassis va tadqiqotchilar dolzarb mavzu borasida shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Tadqiq etilayotgan masala mamlakatning barcha hududlari uchun dolzarb. Lekin tadqiqot obekti sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyati tanlangan. Chunki Orol dengizining qurishi tufayli Qoraqalpog‘istonda bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzaga kelgan. Yerning sho‘rlanishi va eroziyasi, bioxilma-xillikning kamayishi, iqlim o‘zgarishi mazkur hududda yashovchi aholi salomatligiga jiddiy darajada salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Oxirgi yillarda noqulay ekologik muhit ta'siri natijasida hududda onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari nisbatan yuqori bo‘lgan.
Namangan viloyatida esa qizlarni erta turmushga berish natijasida ayollarning reproduktiv salomatlik ko‘rsatkichlari qoniqarsiz ekani kuzatilgan. Loyiha doirasida onalar va bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgan omillar, ushbu hududlarda aholining reproduktiv salomatligini asrashga qaratilgan shart-sharoitlar qay darajada ekanligi o‘rganiladi”, - dedi loyiha koordinatori, “Yuksak salohiyat” NNT ijrochi direktori Natalya Sviridova.
Tadbirda ta'kidlanishicha, loyiha bo‘yicha har bir hududda ming nafar ayolni o‘qitish, patronaj hamshiralar uchun maxsus qo‘llanma tayyorlash va boshqa axborot loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, reproduktiv salomatlik bo‘yicha foydali ma'lumot olish va kerakli savollarga javob topish imkonini beradigan maxsus sayt (yuksak.uz) yaratiladi.