O‘zbekiston | 13:11 / 14.08.2019
13315
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirishni rejalashtirmoqda 

Bugungi kunda respublikada litsenziyaga ega 61 ta xususiy bandlik agentliklari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga ishga joylashish borasida xizmatlar ko‘rsatilishi uchun ulardan oldindan 100 foiz to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda va undirilgan to‘lovlar evaziga fuqarolarni ishga joylashtirish xizmatlari ko‘rsatilmay qolmoqda. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, natijada fuqarolar tomonidan xususiy bandlik agentliklariga to‘lagan mablag‘larini qaytarish talab etilganda, ushbu mablag‘lar qaytarilmayapti yoki xizmatlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, mablag‘larning ma'lum bir qismi asossiz ushlab qolinmoqda.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq vazirlik tomonidan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta'minlash maqsadida ayrim xususiy bandlik agentliklarining faoliyatini tekshirish rejalashtirmoqda.

Tekshirish yakuni bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy bandlik agentliklarining litsenziyasini to‘xtatish, tugatish, bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi, shuningdek Nizom va Bitim talablarini buzgan Xususiy bandlik agentliklari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar va ma'lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Mavzuga oid