Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Innovatsion rivojlanish vazirligi chiqindi gazlar issiqligini qo‘shimcha energiyaga aylantirish masalasini o‘rganadi
O‘zbekiston Respublikasining 2019-2021 yillardagi innovatsion rivojlantirish strategiyasida qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini 2025 yilga kelib 20 foizdan ko‘proqqa ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Belgilangan strategik vazifalarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi hujjati qabul qilindi.
Farmoyishga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida ishchi guruh tuzildi. U neft-gaz va metallurgiya tarmoqlari, gaz uzatish tizimi, sement sanoati ishlab chiqarish obektlarining texnologik jarayonlarini tanqidiy tahlil qilib, chiqindi issiqlik va chiqindi gazlarning potensial manbalarini aniqlaydi. Shuningdek, tashqi iste'molchilarga ortiqcha energiya uzatish imkoniyatini yaratish uchun qo‘shimcha energiya ishlab chiqarish salohiyatini aniqlash maqsadida chiqindi gazlarni baholaydi.
Amalga oshirilgan ishlar yakuni bo‘yicha 2020 yil 1 fevralgacha ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi va ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasining asosiy ulushi (90% ga yaqin) issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, ushbu stansiyalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir ishlatiladi va undan chiqadigan is gazi atmosferani ifloslantiradi, bu esa, o‘z navbatida, energetiklarni muqobil energiya manbalarini izlashga undaydi.
Birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi vaqtda faqat gaz uzatish tarmog‘i obektlarining o‘zida ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish potensiali 600 MVt dan ortiq. Energiya talab qiladigan ishlab chiqarishlarda issiqlik utilizatsiya qilinishining joriy etilishi, shuningdek, mash'al gazlaridan unumli foydalanish orqali qo‘shimcha yoqilg‘idan foydalanmagan holda yiliga 3,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu taxminan yiliga 1,14 milliard m3 tabiiy gazni tejashga va 1,6 million tonna karbonat angidridning atrof-muhitga zarar yetkazishini oldini olishga xizmat qiladi.
Ikkilamchi energiya resurslarining asosiy manbalari quyidagilar sanaladi: gaz kompressor stansiyalarining chiqindi issiqligi (gaz uzatish agregatlarining gaz turbinasi dvigatellarining chiqindilari); sement, po‘lat, shisha va boshqa energiya talab qiluvchi ishlab chiqarish jarayonlaridan hosil bo‘ladigan issiqlik; mash'aldan hosil bo‘ladigan o‘tuvchi va yon gazlar energiyasi. Ushbu ikkilamchi energiya resurslarining harorati yetarli darajada baland (250°C dan ortiq) va hajmi ko‘p bo‘lgani bois Yevropa va Amerikada anchadan beri qo‘llanib kelinayotgan samarali va kam xarajatli yechimlardan foydalanish imkonini beradi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Mitsubishi Heavy Industries Ltd. guruhiga kiruvchi Turboden S.p.A. (Italiya) kompaniyasi o‘rtasida ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish sohasida, xususan, neft-gaz sohasida va respublika sanoatining boshqa sohalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun past potensial issiqlikni utilizatsiya qilish uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Mavzuga oid
08:50 / 13.07.2026
Xitoy energiya sohasida yangi jahon rekordini o‘rnatdi
08:26 / 09.07.2026
Jahon gaz bozorida qaysi davlatlar yetakchilik qilmoqda?
22:18 / 05.07.2026
Iyunda sabzavotlar narxi tushdi, energiya va benzin qimmatlashdi - Statqo‘m
19:41 / 04.07.2026