Jahon | 20:47 / 16.08.2019
23310
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarder o‘ziga tegishli basketbol klubini rekord narxga sotdi

Foto: AR/TASS

Rossiyalik tadbirkor, “Oneksim” guruhi egasi Mixail Proxorov o‘ziga tegishli “Bruklin Nets” basketbol klubining 51 foiz aksiyasini Alibaba Group kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Jo Tsayga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tsay Proxorovdan klubning 49 aksiyasini 2018 yilda sotib olgandi. Shu tariqa, u klubning yagona egasiga aylanadi.

Shuningdek, bitimga klub arenasi “Barklays-Tsentr” ham kirgan. Ushbu arena AQShning mashhurligi bo‘yicha 4-raqamli konsert zali hisoblanadi.

Bitim qiymati ochiqlanmagan, biroq Forbes nashrining baholashicha, gap 3,3 mlrd dollar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Bu qiymatdan klubning narxi 2,3 mlrd dollardan ko‘proqni, arenaniki esa 1 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin.

Ushbu bitim nafaqat Milliy basketbol uyushmasi, balki umuman sport tarixidagi rekord narxdagisi bo‘lishi kutilmoqda. 

Bu boradagi avvalgi rekord investor Devid Tepperga tegishli bo‘lib, u 2018 yilda  amerikancha futbol klubi “Kerolayna Panters”ni 2,28 mlrd dollarga sotib olgan. 

Tsay Kanada fuqarosi bo‘lib, 1999 yilda Alibaba kompaniyasi hamasoschisiga aylangan va hozirda kompaniyaning direktorlar kengashi tarkibiga kiradi hamda bosh direktor Jyek Madan keyin ikkinchi yirik aksiyadori hisoblanadi. Uning boyligi 9,2 mlrd dollarga, Proxorovniki esa 9,8 mlrd dollarga baholanadi.  

Proxorov “Bruklin Nets”ning 80 foiz aksiyasini 2010 yilda 220 mln dollarga sotib olgan. U shu tariqa Milliy basketbol uyushmasi tarixidagi ilk xorijiy klub egasiga aylangan.

Mavzuga oid