«O‘zmilliybank» faoliyati bo‘yicha press-tur: ishlab chiqarishdan xizmat ko‘rsatish markazlarigacha
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki nafaqat respublikada moliya-bank tizimini yuritish, balki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholiga qulay turmush sharoitini yaratish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bankning bu boradagi ishlari xususida OAV xodimlari uchun tashkillashtirilgan press-tur davomida batafsil ma'lumot berildi.
Bank tomonidan ajratilayotgan pul mablag‘lari tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilayotgan Zangiota tumanida joylashgan «GOLDEN STYLE CERAMICS» MChJ misolida tanishtirildi.
2016 yilda o‘z faoliyatini boshlagan «GOLDEN STYLE CERAMICS» korxonasi santexnika jihozlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Italiyadan olib kelingan texnologik uskunalar asosida yuqori sifatli mahsulotlar bilan ichki bozorni ta'minlamoqda.
«Ishlab chiqarishning birinchi bosqichini yo‘lga qo‘yganmiz. Hozirda korxonamiz tomonidan 10 turdagi rakovina, 4 turdagi unitaz, chashogenlar ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekiston Milliy banki Mirzo Ulug‘bek filiali tomonidan ajratilgan 695 ming AQSh dollari mablag‘i asosida ishlab chiqishning ikkinchi bosqichiga o‘tish rejalashtirilgan. Ya'ni bunda Xitoyning YIWU GUANXIAOIMP AND EXP Co. Ltd korxonasi bilan shartnoma qilinib, 5 ta yangi jamlanmada asbob-uskunalar olib kelinadi. Natijada ishlab chiqarish hajmi ortadi, hozirda yiliga 60 ming dona mahsulot ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, bu quvvat 120 mingga yetkaziladi. Mavjud 25 nafar ish o‘rni 60 tagacha oshishi kutilmoqda», – deydi korxona rahbari Nurillo Mahmudov.
Korxona rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bank mablag‘lari asosida yo‘lga qo‘yiladigan ikkinchi bosqichda kerakli xomashyoni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda tashqi bozorga ham chiqish rejalashtirilgan.
Press-tur davomida TIF milliy bank tomonidan aholiga qulaylik yaratish, bank xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan xizmat ko‘rsatish markazlari bilan tanishtirildi.
Toshkent shahrida jami 6 ta xizmat ko‘rsatish markazlari ochilgan bo‘lib, shulardan biri Chilonzor tumanida joylashgan «Sayohat» markazi 35 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
Markaz tomonidan valuta ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari, yuridik mijozlarga xizmat ko‘rsatish, plastik kartochkalar emissiyasi va terminallar ajratish, kommunal to‘lovlarni qabul qilish, xorijiy valuta uchun plastik karta ochish, jismoniy shaxslarga konversion xizmatlarni taqdim etish, aholini naqd pul bilan ta'minlash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.
Markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari Mirzohid Obidovning ma'lumot berishicha, «Sayohat» markazi Katta Chilonzor, Qatortol, Shuhrat ko‘chalarida istiqomat qiluvchi aholiga sifatli bank xizmatlarini taqdim etishni maqsad qilgan. Hozirda bir kunda 70 nafargacha mijozga turli ko‘rinishda xizmat ko‘rsatiladi.
TIF milliy bank o‘z yo‘nalishida ham yetakchilikni saqlab kelmoqda. Bank matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma'lumot berishicha, 2019 yilning dastlabki 7 oyida bank tomonidan 59,5 trln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari ajratilgan. Bu butun respublika bo‘yicha taqdim etilayotgan pul mablag‘larining 1/3 qismini tashkil etadi. Milliy bank respublika bank tizimidagi barcha majburiyatlarning 29 foizini (67 trln 700 mlrd so‘m) bajarib kelmoqda.
TIF milliy bank 90 ta filal, 41 ta mini bank, 121 ta valuta ayirboshlash shoxobchalari, joylardagi 130 ta bankomat, 332 ta ma'lumot kiosklari orqali aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qulaylik yaratish maqsadida koll-sentr va mobil aloqa orqali masofaviy xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid
10:00 / 24.11.2022
“O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi va “FERRANDI Paris” instituti o‘rtasida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha Hamkorlik kelishuvi imzolandi
17:55 / 01.10.2021
«O‘zmilliybank» AJ va Germaniyaning Doyche banki 100 mln AQSh dollari miqdoridagi shartnoma imzoladi
17:00 / 30.09.2021
«O‘zmilliybank» AJ va «Sovkombank» OAJ (Rossiya) 50 mln AQSh dollari miqdoridagi bosh kelishuvni imzoladi
11:19 / 21.09.2021