O‘zbekiston | 19:24 / 26.08.2019
11673
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qidiruvdagi shaxs pasportining amal qilishi sud qarori bilan to‘xtatilishi mumkin

O‘zbekistonda qidiruvdagi shaxs pasportining amal qilishi sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Mazkur o‘zgarishni nazarda tutuvchi qonun Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida ma'qullandi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, endilikda:

  • Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportdan (harakatlanish hujjatidan) foydalanib, O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishi yoki xorijda harakatlanishi mumkin, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, mazkur pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi sud qarori bilan to‘xtatilishi mumkin.
  • Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatish ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish; hukmning ijro etilishini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.
  • Pasportning (harakatlanish hujjatning) amal qilishini to‘xtatish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e'lon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qo‘llaniladi.

Aniqlik kiritish joiz, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatish deganda pasportning, biometrik pasportining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs harakatlanish hujjatining amal qilishini vaqtinchalik to‘xtatish tushuniladi.

Ayblov hukmi chiqarilganda yoki JPKning 84-moddasi asosida ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilganda, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning qaroriga asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yangi pasport (harakatlanish hujjati) berilishi bilan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi tiklanadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Senat yalpi majlisida qonunchilikdagi mazkur yangilik quyidagi raqam va ma'lumotlar bilan asoslantirilgan.

O‘zbekistonda 2017 yilda umumiy jinoyatchilik 16 foizga (87 412 - 73 692), 2018 yilda esa ‒ 33,5 foizga (73 692 - 49 011) kamayishiga erishildi. Shunga qaramay, ayblanuvchining, sudlanuvchining surishtiruv, dastlabki tergov va suddan yashirinishi mamlakatda huquq-tartibotni, shu jumladan, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta'minlashga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda 22,9 ming nafar qidiruvdagi shaxslardan 10,8 ming nafari (47,2 %) ushlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016 yilda 47,5 %ni (11,2 / 23,6), 2017 yilda ‒ 36 %ni (6,7 / 18,6), 2018 yilda ‒ 38 %ni (5,2 / 13,7) tashkil etgan.

Bundan tashqari, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib, tergov va suddan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.

Jumladan, 2019 yilning 1 aprel holatiga, qidiruvda bo‘lgan 7 650 nafar shaxsdan 74,2 foizi (5 676 nafari) og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan shaxslarni tashkil etgan.

Shu bilan birga, qidiruda bo‘lgan shaxslarning qariyb 50 foizi (3 798) 5 yildan ortiq muddatda qidirilmoqda (231 nafari ‒ 20 yildan ortiq, 773 nafari – 15-20 yil, 967 nafari – 10-15 yil, 1 818 nafari – 5-10 yil, 3 861 nafari 5 yilgacha).

Qidiruvda bo‘lgan shaxslarning 7 239 nafari yoki 93 foiziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi va 311 nafariga (7%) – munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat qo‘llanilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan 5 397 nafar (66 %) qidiruvdagi shaxslardan 3 nafari ‒ Belarus, 7 nafari ‒ Ukraina, 90 nafari ‒ Yevropa Ittifoqi davlatlari, 1 358 nafari ‒ arab davlatlari, 1 401 nafari ‒ Markaziy Osiyo davlatlari, 2 226 nafari ‒ Rossiya va 192 nafari ‒ boshqa davlatlar hududlarida aniqlangan.

Sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash va jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qidiruvdagi shaxslarni qidirish uchun katta kuch va vositalar jalb etmoqda.

Xususan, 2015-2018 yillar davomida 1 457 (361-364-382-350) nafar qidiruvdagi shaxslarni respublikaga ekstraditsiya qilish uchun davlat budjetidan qariyb 30 mlrd. so‘mga yaqin pul mablag‘lari zarflangan.

Bundan tashqari, qidiruvda bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etgan jinoyati boshqa davlat qonunchiligiga asosan jinoyat deb topilmasligi, bunday toifadagi shaxslar boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganligi yoki qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmaganligi sababli qidiruvdagi shaxslarni ushlab berish haqidagi so‘rovlar ijro etilmasligiga olib kelmoqda.

Aynan shunday asoslar bilan 320 nafar qidiruvdagi shaxslarni ushlab berish haqidagi so‘rovlar xorijiy davlatlar tomonidan rad etilgan (37 nafari ‒ xorijiy davlat qonunchiligiga ko‘ra jinoyat emasligi, 48 nafari ‒ qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilmaganligi, 235 nafari ‒ boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganligi).

Xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSh, Kanada, Germaniya, Fransiya, Norvegiya, Polsha, Belgiya, Turkiya, Sloveniya, Koreya, Singapur, Vetnam, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Gruziya va boshqa qator davlatlarda jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilarni (sudlanuvchilarni) suddan yashirinishinining oldini olish, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni xorijiy davlatlarda harakatlanishini cheklash va o‘z yurtiga qaytarish maqsadida fuqarolik pasportini (harakatlanish hujjatini) bekor qilish amaliyoti keng qo‘llanilib kelinmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi bilan:

– ekstraditsiya qilishning imkoni bo‘lmagan qidiruvdagi shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi prinsipi ta'minlanadi;
– qidiruvda bo‘lgan shaxslarning salmog‘ini kamaytiradi va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi;
– ekstraditsiya qilish uchun Davlat budjetidan ketadigan xarajatlarni tejash imkonini beradi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 17 avgustda qabul qilingan qonun Senatda 24 avgust kuni ma'qullandi. Hujjat prezident tomonidan imzolanib, rasman e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid