Jamiyat | 21:10 / 30.08.2019
20184
2 daqiqa o‘qiladi

DTM kimyo fani test savollari yuzasidan izoh berdi

Bugun, 30 avgust kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar kimyo fanidan tuzilgan test savollari bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan bo‘layotgan e'tirozlarga javob berishdi. DTM kimyo fani eksperti Yusuf Abdusoatov bu bo‘yicha axborot berdi.

«Kimyo fani savollari 3 xil qiyinchilik darajasida (boshlang‘ich, o‘rta, yuqori) tuziladi. Boshlang‘ich daraja savollari 8ta, o‘rta darajadagilar 16ta va yuqori bosqichli savollar esa 6tani tashkil qiladi. Umumiy 30ta savoldan 9-10tasi nazariy, qolgani masalalardan iborat. Bitta masalaga ketadigan vaqt qiyinlik darajasiga qarab 30 sekunddan 2 daqiqa 30 sekundga qadar cho‘ziladi. Ilgarilari savollar o‘zbek tilida va rus tilida alohida tuzilgan. Shuning uchun ruscha savollar birmuncha osonroq bo‘lgan. Hozir vaziyat o‘zgardi. Kimyo fani savollari avval o‘zbek tilida tuziladi va shundan so‘ng rus tiliga tarjima qilinadi. Bunday amaliyot bilan ikkala tilda ham savollar darajasi bir xilligiga erishiladi. Savollar avval rus tilida tayyorlangan va o‘zbek tiliga tarjima qilingan, degan fikr asossiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Abdusoatovning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi kimyo fani savollari oldingi yilgiga nisbatan o‘zgartirilgan. Kimyo amaliy fan bo‘lgani uchun mantiqiy fikrlashga chorlaydigan savollar ko‘paytirilgan. Umumiy hisobda savollar bazasi 5000-6000tani tashkil etadi.

Mavzuga oid