Jamiyat | 08:59 / 07.09.2019
37261
3 daqiqa o‘qiladi

IIBB avtomobil raqamini parda bilan to‘sgan haydovchini topdi va jarimaga tortdi

Foto: IIBB axborot xizmati

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ikkita guruhda bir vaqtning o‘zida Nexia rusumli avtomobil haqida xabar e'lon qilindi. Ushbu avtomobil davlat raqamini to‘sib turuvchi parda bilan jihozlangan bo‘lib, mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasining (“Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish”) 6-qismiga muvofiq, noqonuniy hisoblanadi.

IIBB ma'lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilardan birining Facebook’dagi guruhda xabar berishicha, yuqoridagi Nexia davlat raqamini berkitish bilan cheklanmasdan, avariyaviy holatlarni ham yuzaga keltirgan, e'lon muallifini haqorat qilgan va yo‘l harakati qoidalarini bir necha bor buzgan.

Shu vaqtning o‘zida boshqa foydalanuvchi ham guruhlardan birida davlat raqami maxsus moslama bilan to‘silgani ma'lum qilib, ushbu holatning hukmi haqida savol yo‘llagan. 

IIBB ma'lum qilishicha, Nexia rusumli avtomobil haydovchisi, sirdaryolik 29 yoshli Mirza Bobur P. 125-moddaga muvofiq jarimaga tortildi. Avtomobil amaldagi qonunchilikka muvofiq “Chorsu” jarima maydonchasiga joylandi.  

Foydalanuvchi e'lonida ko‘tarilgan savollarga javob tariqasida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasiga muvofiq, "Basharti shaxs bir necha ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning o‘zida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan uzil-kesil jazo og‘irroq ma'muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo‘llaniladi".

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasiga muvofiq, “davlat raqam belgisi yasama yoki o‘zga usullarda o‘zgartirilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli bo‘lmagan transport vositasini boshqarish – eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Mavzuga oid