O‘zbekiston | 22:26 / 07.09.2019
9887
4 daqiqa o‘qiladi

Qonun loyihasi muhokamasi: rezidentlar O‘zbekistondan tashqarida ham valuta bilan hisob-kitob qilishi mumkin bo‘ladi

7 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Markaziy bank valutani tartibga solish departamenti direktori Doniyor Abdurahmonovning ma'lum qilishicha, mazkur qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga asosan O‘zbekiston rezidentlariga mamlakat hududidan tashqarida ham chet el valutasi bilan hisob-kitob qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Foto: Doniyor Abdurahmonov

“Hozirda mavjud qonunga ko‘ra, O‘zbekiston rezidentlari mamlakat hududidagina muayyan operatsiyalarni chet el valutasida hisob-kitob qilishiga ruxsat berilgan. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston rezidentlari o‘rtasida hududidan qat'iy nazar chet el valutasida qonunda ruxsat berilgan operetsiyalar doirasida hisob-kitob qilishga ruxsat beriladi. Ilgari bunday hisob-kitob uchun hudud asosiy omil qilib olingan bo‘lsa, endilikda rezidentlik asosiy omil hisoblanadi”, ─ deydi Doniyor Abdurahmonov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, respublika hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar, O‘zbekistonning immunitet va dimplomatik imtiyozlardan foydalanadigan xorijdagi diplomatiya hamda boshqa vakolatxonalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlarinnig chet eldagi, xo‘jalik yoki boshqa tijorat faoliyati ilan shug‘ullanmaydigan vakolatxonalari O‘zbekiston rezidentlari hisoblanadi.

“Shuningdek, hozirda O‘zbekistonda rezident jismoniy shaxs bankda o‘z hisob raqamidagi valutani boshqa bir shaxsning hisobiga o‘tkazishi ko‘zda tutilmagan. Lekin naqd ko‘rinishida qo‘lda oldi-berdi qilaverardi. Bu cheklovni bekor qilgan holda, nosavdo tusdagi operatsiyalar uchun hisob raqamidan valuta o‘tkazishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda”, ─ deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank mutasaddisi.

Bayon qilinishicha, nosavdo operatsiyalar uchun hisob raqamidan pul o‘tkazishning maqbul summasi qonunning o‘zida qo‘rsatiladi va bu 100 mln so‘m etib belgilanishi rejalashtirilgan. Xorijiy davlatlarda bu ko‘rsatkich 10 ming dollarni tashkil qiladi. “Biz maqbul summani 10 ming yevro ekvivalentida oldik. Milliy valutaning maqomini oshirish maqsadida bu summa so‘m qiymatida 100 million so‘m etib ko‘rsatilmoqda”, ─ deydi Doniyor Abdurahmonov.

“Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilayotgan yuqoridagi o‘zgarishlarni muhokama qilish davomida senatorlar valuta bilan nosavdo operatsiyalarni amalga oshirish uchun maqbul summa ko‘rsatkichini 100 mln so‘mdan ko‘proq etib belgilashni taklif qilishdi. Bunga so‘mning qadrsizlanib borayotganligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. 

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid