O‘zbekiston | 15:00 / 10.09.2019
310462
3 daqiqa o‘qiladi

Sirtqi va kechki ta'lim kontraktlari kamaytirildi

Bugun, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Matbuot anjumanida 2019-2020 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilgani borasida ma'lumotlar taqdim etildi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, joriy o‘quv yilida sirtqi va kechki ta'lim uchun kontrakt miqdori o‘tgan yilgiga qaraganda 35-40  foizga kamaytirildi. O‘tgan yili bu summa 9 mln so‘mga teng bo‘lgan, joriy yilda esa 6 mln 300 ming so‘m etib belgilangan.

Shuningdek, to‘lov-kontrakt narxi nega 18 foizga oshgani haqidagi savolga javob qaytarildi.

«Bu summa talabani oliy ta'lim tizimida o‘qitish uchun ketayotgan xizmatlarning tannarxi, xolos. Bunda hech qanday foyda ustamasi qo‘yilmagan. Kontraktni kamaytirishning iloji yo‘q. Kommunal to‘lov, o‘qituvchilarning oylik maoshi to‘lanmay qolishi mumkin», deya Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt narxi 18 foizga oshdi. 

Kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

«Agar yangi kontrakt miqdori jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilsa, o‘zi yoki yaqinlari kontraktda o‘qiydiganlarning barchasi summani kamaytirishni talab qiladi. Bu tabiiy. Davlat bu summani kamaytirdi ham deylik. Lekin bu chegirmaning o‘rnini qoplash yana xalqning o‘z bo‘yniga tushadi. Ya'ni, kontraktni kamaytirish hisobiga xarajatlarning qoplanmay qolayotgan qismini davlat budjeti ko‘tarishi kerak bo‘ladi. Budjet esa aholidan olinadigan yig‘im va soliqlar hisobidan shakllanadi. Shuni tushunish kerak», deya munosabat bildirdi tadbirda qatnashgan huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudayberdiyev.

Mavzuga oid