O‘zbekiston | 20:51 / 17.09.2019
8499
3 daqiqa o‘qiladi

«Markaz – 2019»: «G‘urumsaroy» poligonida xalqaro harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi

Kecha, 16 sentabr kuni Beshariq tumanida “Markaz – 2019” xalqaro o‘quv-mashg‘ulotida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan tojikistonlik harbiylarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar qilmoqda.

Sharqiy harbiy okrug mas'ul ofitserlari, Beshariq tumani hokimiyati vakillari hamda mahalliy san'atkorlar Tojikiston harbiy xizmatchilarini o‘zbekona milliy an'anaga ko‘ra, non va tuz bilan o‘ziga xos bayramona kayfiyatda kutib olishdi. 

Shundan keyin tojikistonlik harbiy xizmatchilar Namangan viloyatida joylashgan “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydoniga yetib kelishdi va mashg‘ulotlarga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar ishtirokida brifing tashkillashtirilib, Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlari “Markaz – 2019” o‘quv-mashg‘ulotlarining tartibi hamda undan ko‘zlangan maqsadni mehmonlarga yetkazdi.

Bugun, 17 sentabr kuni “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokidagi strategik qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari doirasidan o‘rin olgan “Markaz – 2019” o‘quviga start berildi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ushbu o‘quv mashg‘ulotlari davlatlarimiz o‘rtasidagi harbiy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda jangovar tayyorgarlikni oshirishda muhim o‘rin tutishini ta'kidlab, o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan o‘zbek va tojik harbiylariga muvaffaqiyat tiladi. 

Tojikiston Respublikasi quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne'matullo ham “G‘urumsaroy” poligonida tashkillashtirilayotgan “Markaz – 2019” o‘quv-mashg‘ulotlari O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining hamkorligida tashlangan navbatdagi qadam bo‘lishini aytib, tadbir tashkilotchilariga do‘stona kutib olish tadbirlari uchun o‘z minnatdorchiligi bildirdi. 

Kunning ikkinchi yarmida Tojikistondan tashrif buyurgan mehmonlar uchun Qo‘qon shahri tarixiy obidalari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi.  

Eslatib o‘tamiz, “Markaz – 2019” o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan “G‘urumsaroy” poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.

Mavzuga oid