Huquqingiz buzildi. Bunday vaziyatda qanday xatti-harakatlarni amalga oshirishni, kimga murojaat qilishni bilmay boshingiz qotadi. O‘zingiz uchun kerakli hujjatlarni tayyorladingiz, bir necha tashkilotlarga arz qildingiz. Mas'ul tashkilotlar masalani o‘rganib chiqdi va ishingizni sudga oshirishdi. Sudda sizning huquqlaringiz buzilgani ma'lum bo‘ldi. Biroq buzilgan huquqlaringiz tiklab berilmadi. Chunki ayni da'vo predmeti bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun qonun bilan belgilangan muddat o‘tib ketgan. Ana xolos! Qonun buzilishi bor, buni hatto sud ham tan olmoqda, biroq da'vo muddati o‘tkazib yuborilgani o‘laroq buzilgan huquqlaringiz tiklanmasdan qolsaya...
Da'vo muddati nima va uning muddatlari qancha?
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 149-moddasiga ko‘ra, da'vo muddati - shaxs o‘zining buzilgan huquqini da'vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir.
Qonunchilikka ko‘ra, umumiy da'vo muddati – 3 yil. Biroq ayrim hollarda maxsus da'vo muddatlari qo‘llanadi. Maxsus da'vo muddatlari tegishli sohaning xususiyati va tartib-taomillaridan kelib chiqib turlicha belgilanadi.
Quyida maxsus da'vo muddatlarining ayrimlariga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Mehnat munosabatlarida da'vo muddatlari
Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
ishga tiklash nizolari bo‘yicha - xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni to‘lash haqidagi nizolar bo‘yicha esa - zarar yetkazilgani ish beruvchiga ma'lum bo‘lgan kundan boshlab bir yil;
boshqa mehnat nizolari bo‘yicha - xodim o‘z huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab uch oy.
Ushbu moddada belgilangan muddatlar uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud yoki mehnat nizolari komissiyasi tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.
Amaliyotda uchraydigan eng ko‘p muammolardan biri ishga tiklashga oid nizolar bo‘yicha sudga ariza kiritishda da'vo muddatlariga rioya etilmaganidan kelib chiqadi. Aksariyat hollarda mehnat shartnomasi bekor qilinishini g‘ayriqonuniy deb hisoblovchi xodimlar shikoyat bilan kasaba uyushmalari, mehnat yoki prokuratura organlariga murojaat qilishadi. Ushbu organlarda murojaatlarning o‘rganilishi da'vo muddatini to‘xtatib turmasligi ko‘p xollarda xodimning zarariga ishlaydi va keyinchalik sudga kiritgan da'vosi rad etilishiga sabab bo‘ladi.





