Jamiyat | 21:24 / 25.09.2019
7573
2 daqiqa o‘qiladi

Mirzo Ulug‘bek tumanida yana daraxt kesuvchilar «qo‘lga tushdi»

Bugun, 25 sentabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Katta Yalong‘och ota» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida daraxt kesayotgan «tadbirkor»lar «qo‘lga tushdi».

Mazkur mahallada yashovchi fuqarolar murojaati asosida o‘tkazilgan reyd davomida hududdagi 5-ko‘p qavatli uyning yonida 1 tup chinor daraxti «Turkiston ikkinchi kommunal» XUJMSh tomonidan ruxsatnomasiz kesilgani aniqlandi.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qaroriga asosan daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida kesish ular tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta'sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, shuningdek, avariya holatida bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, kuzatish jarayonida ushbu mahalladagi 3-ko‘p qavatli uyning old tomonida 1 tup gilos daraxti kesilgani ham oshkor bo‘ldi.

Hozirda mazkur ikki holat bo‘yicha Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid