Toshkentdagi 275-maktabda o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltaklagani yuzasidan davlat o‘z pozitsiyasini e’lon qildi.

Bu pozitsiyaga ko‘ra, o‘quvchi o‘z harakatlari bilan o‘qituvchini qo‘l ko‘tarish darajasiga olib borgan deb topildi.

O‘qituvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilib, o‘quvchining ota-onasi ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Jo‘rayev voqea yuz bergan maktabga borib, o‘qituvchilarga murojaat qilarkan, ular “prezident va administratsiya rahbariyatining himoyasida” ekanini aytdi.

“Sizlarning orqalaringizda armiya bor, pogonlilar bor, generallar bor”, dedi Jo‘rayev.

Nima bo‘lgandi?

19 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabning 9-sinfida R.R. ismli o‘quvchi (yigit, 2010 y.t.) va informatika o‘qituvchisi Zokir Omonov (2002 y.t.) o‘rtasida janjal chiqqan. Internetda tarqalgan, sinfdagi boshqa o‘quvchilar tomonidan olingan videolarda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklaganini ko‘rish mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, janjal kelib chiqishiga – o‘quvchi darsga xalaqit bergani sabab bo‘lgan. Poytaxt IIBBning 21 may kuni e’lon qilingan birlamchi axborotiga ko‘ra, o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan, natijada jabrlanuvchi tibbiy yordam uchun shifoxonaga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan edi.

Jinoyat ishi tugatildi

25 may kungi matbuot anjumanida ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov mazkur jinoyat ishi tugatilgani, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini aytdi.

26 may kuni bir qator Telegram-kanallarda tekshiruv yakunlari bo‘yicha videoreportaj tarqatildi. Shunday postlardan birini Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi ham o‘z kanalida ulashdi