Sport | 16:30 / 26.09.2019
23869
18 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari: Yurgen Klopp tushirgan qovunlari, o‘sha mashhur gol, Common Goal loyihasi va boshqalar haqida

Kuni kecha, FIFA «The Best» tadbirini tashkillashtirdi va o‘tgan mavsumning eng yaxshilarini e'tirof etdi. Eng yaxshi futbolchi, eng chiroyli gol va hokazo nominatsiyalar biroz bahsli, aynan kim bunga loyiq ekani haqidagi bahslar hali ham davom etayotgan bo‘lsa-da, aynan murabbiy masalasida e'tiroz kam. Klublar futbolining eng nufuzli sovrinini boshi uzra ko‘targan Yurgen Klopp bu e'tirofga sazovor bo‘ldi. Keyin esa, hammamiz uchun tanish bo‘lgan ThePlayersTribune loyihasi ushbu ajoyib murabbiy hikoyasini tingladi.

«Avvalo, biroz uyatli hikoyadan boshlasam, zero ba'zida qo‘rqib ketaman – dunyo murabbiy va futbolchilarga xuddi bir ilohlar yoki qahramonlardek qarashadi. Nasroniy sifatida, men faqat bir Xudoga ishonaman va aytishim mumkinki, u futbol olamidan emas. Haqiqat shundaki, biz ko‘p xato qilamiz. Bir paytlar, yosh murabbiy bo‘lib yurganimda, shunday xatolarim juda ko‘p bo‘lgan. Aytmoqchi bo‘lgan voqea ham shulardan biri.

2011 yil. (Mening) «Borussiya» «Bavariya»ga qarshi juda muhim o‘yinda maydonga tushmoqda. Biz adashmasam, yigirma yillardan beri Myunxenda g‘alaba qozona olmagandik. Menga filmlar juda ta'sir qiladi, agar shogirdlarimni qandaydir junbishga keltirmoqchi bo‘lsam, Rokki Balboa xayolimga keladi. Menimcha, bu filmning barcha qismlari maktablarda, alifbo bilan birgalikda qo‘yib berilishi kerak. Agar sen shu filmni ko‘rsang-u, eng baland cho‘qqiga chiqishni orzu qilmasang, senda qandaydir muammo borligidan darakdir.

Xullas, «Bavariya»ga qarshi o‘yin oldidan barcha futbolchilarni mehmonxonaga chaqirdim. Chiroq o‘chiq edi. Men ularga vaziyatni tushuntirdim, Myunxendagi so‘nggi g‘alaba paytida ularning ba'zilari pamperslarda yurganini aytdim. Keyin «Rokki 4»dan bir nechta lavhalarni ko‘rsatdim. Ivan Drago haqidagi bu seriya – haqiqiy durdona.

Drago yugurish yo‘lakchasida, unga bir qator simlar, kompyuterlar, monitorlar ulangan, olimlar o‘rganishmoqda.

- Ko‘rayapsizlarmi, - dedim men, - «Bavariya» bu – Ivan Drago. Eng zo‘rlarning zo‘ri. Eng zo‘r texnologiyalar. Eng zo‘r mashina.

Keyin esa, Rokkining Sibirda, oddiy kulbada shug‘ullanayotganini ko‘rsatishadi. U daraxtlarni kesadi, qorda yog‘ochlarni tashiydi, tog‘larga yugurib chiqadi – «ko‘ringlar, Rokki – biz. Biz kichikroqmiz. Ammo bizda ishtiyoq bor. Bizda chempionlar yuragi bor. Biz qo‘limizdan kelmaydigan vazifalarni ham bajarishga qodirmiz!»

Shu tariqa davom etdim-da, so‘zlarim bolalarga qanday ta'sir qilayotganini bilish uchun ularga qaradim. Xayolimda, hammasi his-xayajonga to‘lib, maydonga otilib chiqishga tayyor, deb o‘ylayapman. Qayoqda? Ular lavhalarni befarqlik bilan tomosha qilishar, ko‘zlarida biror ma'no ham yo‘q edi. Agar bu holat filmdan lavha bo‘lganda, bemalol chigirtkaning chirillashini qo‘yvorsayam bo‘laveradigan darajada. Ular menga qarab turishar, ko‘zlaridan «bu tentak odam bizga nimalarni tushuntiryapti?» degan ma'noni uqish mumkin edi.

Shundagina anglab yetdim. Qachon «Rokki 4» chiqqandi? 80-yillardami? Futbolchilarim qachon tug‘ilishgan?

- Bir daqiqa. Qani, kim Rokki Balboa kimligini biladi, qo‘llaringni ko‘taringlarchi? – dedim nihoyat.

Ikki kishi qo‘l ko‘tardi – Sebastyan Kel va Patrik Ovomoyyela. Qolganlar: «uzr, boss, xabarimiz yo‘q».

Butun nutqim havoga ketdi. Bu esa, mavsumning eng muhim o‘yini. Balki ba'zi yigitlar uchun hayotidagi eng ahamiyatli bahs. Va murabbiy so‘nggi o‘n daqiqadagi qayerdagi sovet texnologiyalari va Sibir haqida valdirab o‘tiribdi. Ha-ha-ha! Bunga ishonish mumkinmi? Endi hammasini boshidan boshlash kerak.

Hayot shu. Bunday voqealar ko‘p bo‘lib turadi. Ba'zida shunaqa biroz uyatli holatga tushib qolishimizga to‘g‘ri keladi. Go‘yoki futbol tarixidagi eng buyuk nutqlardan birini aytyapsan, aslida esa, ahmoqona gaplar... Ammo ertasiga uyg‘onamiz va ishimizda davom etamiz.

Bu yerda eng g‘alati holat nima, bilasizmi? Rosti, men o‘sha o‘yinni keyin yutganmizmi yoki yo‘qmi, eslay ham olmayman. Chamamda, bu 2011 yilda, 3:1 hisobidagi g‘alabamizdan oldin aytgandim, agar shunday bo‘lsa, ajoyib hikoya bo‘lardi, lekin aniq eslolmayman. Ko‘pchilik shuni tushunmaydi, haqiqatan ham, natijalar xotirada chalkash chulkash bo‘lib ketadi, ammo o‘sha yigitlar, mana shunday voqealar, kichik bo‘lsayam, muhim bo‘lib qolaveradi. Hech qachon unutilmaydi.

Kuni kecha men FIFA talqini bo‘yicha dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb e'tirof etildim. Lekin menga bunaqa sovrinlar bilan sahnada bir o‘zim turishim yoqmaydi. Nimagaki erishgan bo‘lsam, bunda atrofimdagi insonlarning hissasi katta. Nafaqat futbolchilar, oilam ham, o‘g‘illarim, umuman eng boshidan, men oddiy inson bo‘lib yurgan paytimdan yonimda bo‘lgan barchaning ulushi bor. 

Rostan ham, juda ham oddiy odam edim. Agar yigirma yoshimda kimdir kelib, kelajakda mana shu voqealar bo‘lishini aytganida, bir soniya bo‘lsa ham ishonmasdim. Hatto o‘sha Maykl Jyey Foks kelajakdan kelib, hammasini gapirib berganda ham, bu umuman ilojsiz ekanini aytgan bo‘lardim.

Ammo o‘sha 20 yoshimda hayotimni tubdan o‘zgartirib yuborgan palla bo‘lgandi. Men o‘zim hali yosh bola, lekin ota bo‘lgan kunim edi. Buning uchun mukammal vaziyat emas, men oddiy talaba, havaskorlar ligasida futbol o‘ynab yurardim. O‘qish to‘lovini qilish uchun kinoteatrlarda qo‘yiladigan kinolar saqlanadigan bir omborda ishlardim. Yoshlar uchun tushuntiraman, bu DVD-disklar emas. U paytlar, 80-yillar oxiri, barchasi lentalarda bo‘lardi. Yuk mashinalari ertalab soat 6da kelar, yangi kinolarni ortib, manziliga ravona bo‘lardi. Tabiiyki, bu katta mashinalarga yuk tashish bizning chekimizga tushardi. Ayniqsa, masalan, «Ben Xur» kabi, to‘rtta g‘altak bo‘ladigan uzun filmlar qo‘yishmasin-da bugun, deb duo ham qilib qo‘yardik.

Kuniga to‘rt soat uyqu, barvaqt turib omborga, keyin o‘qishga ketardim. Kechki payt futbol bilan shug‘ullanar, uyga kelib, o‘g‘lim bilan vaqt o‘tkazish imkoni juda kam qolardi. Og‘ir, ammo o‘sha davrlar meni haqiqiy hayot uchun tayyorlagan.

Juda erta ulg‘ayib, jiddiy odamga aylanishga to‘g‘ri kelgan. Tengqurlarim kechqurunlari pivoxonaga chaqirishar, ichimda «Ha, albatta, bor» degan ovoz tinch qo‘ymas, lekin rad qilardim, chunki o‘zim uchun yashamayapman. Go‘daklar uchun farqi yo‘q, sen charchaganmisan, uyqung kelyaptimi, qanaqa holatdasan – axir sening o‘zing dunyoga keltirgan kichkina odamchaga g‘amxo‘rlik qilyapsanmi, mana bu haqiqiy vazifa. Mana bu haqiqiy muammo. Futbol maydonlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday holat bunga tenglasha olmaydi.

Odamlar mendan nega doim kulib yurishimni so‘rashadi. Hatto ba'zida mag‘lubiyatlardan keyin ham, intervyu berayotib, jilmayotgan bo‘laman. Javobim shuki, farzandim tug‘ilganda, futbol hayot va o‘lim ishlaridan juda uzoq, ularning oldida juda mayda mashg‘ulot ekanini anglab yetgandim. Biz birovning hayotini qutqarmaymiz. Futbol atrofga nafrat va yomonlikni yoymasligi kerak. Futbol insonlarga ilhom, umid va quvonch tarqatishi kerak, ayniqsa, bolalarga.

Oddik yumaloq to‘p inson taqdirini qay darajada o‘zgartirib yuborganini guvohiman. Saloh, Mane, Firmino va boshqa yigitlarning bugungi darajaga yetib kelishlaridagi yo‘llari ajoyib. Ular ko‘rgan kechirganlari oldida, mening Germaniyadagi yoshligim hech narsa emas. Ular yuzlab marotaba taslim bo‘lishlari mumkin edi, lekin bunday qilmadilar. Ha, ular avliyo emas, shunchaki, hech qachon o‘z orzularidan voz kechmaganlar.

Menimcha, futbolda muvaffaqiyatning 98 foizi omadsizlarni yenga olish va mag‘lubiyatlardan keyingi kunlarda ham zavq ola bilishdir. Men ilk boshdan xatolardan o‘rganardim. 2001 yilda, o‘zim o‘n yil davomida to‘p surgan «Mayns»da ishlay boshladim. Muammo shunda ediki, jamoadagi yigitlar o‘zim bilan birga to‘p surgan do‘stlarim edi, endi esa, birdaniga boss bo‘lib qoldim. Ular esa, hali ham meni «Kloppo» deb chaqirishadi. 

Ilk o‘yinga asosiy tarkibni tanlar ekanman, ularning har biri bilan gaplashish, tarkibda bormi yoki yo‘qligini har biriga yuzma-yuz aytishni lozim topdim. Juda yomon reja edi, xonada biz ikki kishidan turardik. Tasavvur qiling, bir xonaga kiramanda, ikki yigitni oldida, biriga asosiy tarkibda ekanini aytaman, keyin esa, o‘girilib, sherigiga «uzr, sen zaxiradan boshlaysan», deyman. Bu xato ekanini darrov payqadim, ular «Kloppo, nega axir?» deb so‘rar, men esa, nima deyishni bilmay, maydonda faqat 11 kishi to‘p surishidan boshqa jo‘yali javob topolmasdim. Afsuski, bunday holatga kamida 8 marta tushdim – 18 futbolchi 2 nafardan to‘qqiz xonada. Ikki yigit, biri asosiy tarkibda, sherigi yo‘q. Har safar – «Kloppo, axir nega?»  

Bu o‘ziga yarasha qiynoq edi. Murabbiy sifatida ilk qovun tushirishim. Nimayam qilardik? Xatoni tan olasan, ertaga takrorlamaslik haqida o‘ylaysan, ammo boshqa xatolar ham bo‘ladi. Juda ko‘p marta. Hali ham ishonmasangiz, eslang, axir mening eng katta murabbiylik g‘alabam ham ulkan muvaffaqiyatsizlikdan paydo bo‘lgan-ku?!

«Kamp Nou»da yarim finalda «Barselona»ga 0:3 hisobida yutqazish – tasavvur qilish mumkin bo‘lgan eng yomon vaziyat. Javob o‘yiniga hozirlik ko‘rayotganimizda, bolalar bilan juda oddiy gaplashdim. Hech qanaqa Rokki ham yo‘q. Asosan taktika haqida.

«Biz dunyoning eng yaxshi ikki hujumchisisiz o‘ynaymiz. Ko‘pchilik bizda imkoniyat umuman yo‘q, deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Rostini aytganda, rostan ham imkonsiz. Lekin bu sizning qo‘lingizda, demak, shuning o‘zi ham biz uchun imkoniyat», – dedim men.

Rostan ham, men bunga ishonardim. Gap ularning qay darajada kuchli ekanliklarida emas. Gap ular hayotda bundan badtar qiyinchiliklarni yengib o‘tishganida. «Yutqazsak ham, chiroyli yutqazaylik» – deb qo‘shimcha qilib qo‘ydim.

Gapirish oson. Men shunchaki, maydon chetida baqirib turadigan odamman, xolos. Futbolchilar uchun bu qiyinroq, chunki gapirish emas, amalga oshirish ham kerak. Lekin ular mening yigitlarim, ular va yana o‘yingohdagi 54 ming muxlis eng og‘ir vazifaning uddasidan chiqdik. Futbolning yaxshi tomoni ham shu – bir o‘zing hech narsa qila olmaysan. Hech narsa, ishonaver!

Afsuski, Chempionlar Ligasi tarixiga kirgan o‘sha ajoyib vaziyatni ko‘rmay qoldim. Ko‘ra olmadim. Trent Aleksandr-Arnoldning burchak zarbasi amalga oshayotganda qaramay qolibman, ishonasizmi? Ha, to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketganini ko‘rdim. Shakiri uning orqasidan ketdi. Keyin men o‘girildim, chunki zaxiradan o‘yinchi tushirishga harakat qilayotgandik. Yordamchim bilan gaplashib tursam...

Bilasizmi, o‘sha vaziyatni hozir eslasam ham, etlarim jimirlab ketadi. Juda baland hayqiriqni eshitdim, qarasam, to‘p darvozaga kirib ketmoqda. O‘rindiqqa o‘girildim, Ben Vudbernga qaradim, u esa, «nimalar bo‘lyapti?» deb so‘raydi. «Bilmasam!»

«Enfild» aqldan ozib qolgandi. Qulog‘im ostida Pep Liyndersning «biz o‘yinchi almashtiramizmi?» degan so‘zlari. Ha-ha-ha. U bu gapni qanday ohangda aytganiyam esimdan chiqmaydi. Unutmasam kerak.

Tasavvur qilyapsizmi? O‘n sakkiz yil murabbiylik, futbol ko‘rib o‘tkazgan millionlab soatlar, lekin men maydonda amalga oshgan eng katta ayyorlikni ko‘ra olmay qoldim. O‘sha kecha, Divokning golini, adashmasam, 500 ming marotaba takroran tomosha qildim. O‘z ko‘zlarim bilan to‘pning darvozaga kirayotganini.

O‘yindan keyin o‘z xonamga qaytganimda, hatto biror bokal pivo ham ichmadim. Shunchaki, istamadim va kerak ham emasdi. Sokinlikda, qo‘limda bir shisha suvni ushlagancha kulib o‘tirardim. Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Uyga qaytganimda yaqinlarim to‘planishgan, katta bir bazm uyushtirishni o‘ylashayotgandi. Lekin shunaqa charchagandimki, bir o‘zim yotoqxonaga kirib ketdim. Barcha emotsiyamni, energiyamni sarflab bo‘lgandim, hech narsa qolmagandi.

Bu mening hayotimdagi eng zo‘r tush. Eng zo‘r holat esa, ertalab turasan-da, «bularning hammasi rost, sodir bo‘ldi» deysan. Men uchun futbol kinodan ham ko‘proq ilhom beradigan yagona narsa. Sehr amalga oshdi, nihoyat biz Dragoni ag‘anatdik. Hammasi haqiqatda bo‘lib o‘tdi.

Men hamon o‘sha emotsiyalardan to‘liq chiqib ketganim yo‘q, o‘sha kungi hislar hali ham miyamda aylanib yuribdi. Futbol menga hayotimdagi barcha narsani berdi, o‘z navbatida, men ham nimanidir dunyo bilan bo‘lishishim kerak. Aytishga oson albatta, ammo nimadir qilish kerak.

So‘nggi yillarda Common Goal loyihasi, Xuan Mata, Mats Hummels, Megan Rapinoning bu loyihaga xizmat qilayotganlari menga ilhom baxsh etardi. Xabaringiz yo‘q bo‘lsa aytay, bu shunday harakatki, 120dan ortiq futbolchi o‘z maoshlarining 1 foizini nodavlat futbol tashkilotlariga ajratadilar, bu dastur yordamda Janubiy Afrikada, Zimbabve, Kamboja, Hindiston, Kolumbiya, Buyuk Britaniya va yana bir qator davlatlarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu shunchaki, bir guruh puldor futbolchilarning ermagi emas, axir Kanada ayollar terma jamoasining butun tarkibi, Yaponiya, Shotlandiya, Keniya, Portugaliya, Ganadan ham qo‘shilishdi. Bunday ishlarni e'tiborsiz qoldirib bo‘larmidi?

Men ham bu ajoyib loyihaning bir qismi bo‘lishni istayman va 1 foiz yillik maoshimni Common Goal’ga o‘tkazaman. Umid qilamanki, yana juda ko‘p futbol kishilari menga ergashadilar.

Keling, tan olaylik, do‘stlar, biz omadlimiz. Juda omadimiz kelgan. Biz kabi imtiyozga eng bo‘lgan insonlar bo‘lishishlari shart. Axir o‘z hayotlarida yagona bo‘lsa ham imkoniyat kutib yotgan minglab bolakaylar bor. O‘z vaqtida, o‘z muammolarimiz girdobida bizga qanday qiyin bo‘lganini esdan chiqarmasligimiz lozim. Biz, futbol odamlari o‘ralib olgan qobiq haqiqiy hayot emas. Kechirasiz-u, futbol maydonida bo‘layotgan har qanday vaziyat haqiqiy muammo emas, aslida. Bunday ajoyib o‘yinning faqat daromad va sovrinlardan tashqari, o‘z maqsadi, g‘oyasi bo‘lishi kerak, shunday emasmi?  

O‘ylab ko‘ring, hammamiz birgalikda, har birimizning maoshimizdan bir foizdan ajratsak, dunyo hozirgidan biroz bo‘lsa-da, yaxshiroq bo‘lardi. Balki men biroz soddadirman. Balki shunchaki, qari tentak, xayolparastdirman.

Lekin futbol kim uchun?

Hammamiz juda yaxshi bilamizki, bu o‘yin – xayolparastlar uchun»

Yurgen Klopp

ThePlayersTribune

Mavzuga oid