«Chelsi» — «Liverpul» 0:1
Gol: van Deyk (118).
«Chelsi» – Petrovich, Gyusto, Disasi, Koluill, Chiluell (Chaloba, 113), Gallaher (Madueke, 97), Fernandes, Palmer, Kaysedo, Sterling (Nkunku, 67), Jyekson (Mudrik, 90).
«Liverpul» – Kelleher, Bredli (Klark, 72), van Deyk, Konate (Kuansa, 105), Roberson (Tsimikas, 87), Endo, Mak Allister (Makkonnell, 87), Gravenberh (Gomes, 28), Elliott, Dias, Gakpo (Denns, 87).
Ogohlantirishlar: Chiluell (45+3), Bredli (45+3), Mak Allister (81), Konate (82), Makkonnell (107), Palmer (120+2), Gomes (120+3).

Epidemiya

Saloh, Nunes, Jota, Aleksander-Arnold, Soboslai, Alisson, Matip, Jons, Alkantara, Baychetich. Bu — «Liverpul»ning liga kubogi finali uchun boshlang‘ich tarkibi emas, jarohat tufayli unda o‘ynay olmagan futbolchilar ro‘yxati. Faqat o‘n kishidan iborat bo‘lsa-da, bu futbolchilar nazariy jihatdan jangovar tarkib hosil qila olardi.

O‘yin boshlanganidan yarim soat ham o‘tmasdan «Liverpul» lazaretiga 11-futbolchi ham qo‘shildi. Gravenberh safdan chiqdi, ushbu havbek «Uembli» stadionini faqat zambilda tark eta oldi — niderlandiyalik futbolchining boldir suyagi va tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘ini (golenostop) qayrilib ketdi va u oyog‘ini bosa olmadi. Klopp bu pallada faqat istehzo bilan  jilmaydi va boshini chayqadi — unda Gravenberhni almashtirish uchun futbolchining o‘zi yo‘q edi, jamoa markaziy yarimhimoyachilar borasida taqchillikka uchragan.

«Chelsi» «Liverpul»dagi kadrlar muammosidan foydalanib qolishi mumkin edi. Ko‘klar bu mavsumda Yurgen Klopp jamoasiga tengma-teng raqiblik qilish uchun barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti va atigi bir oy oldin jamoa APL doirasida «Enfild»da tor-mor etilgandi. Ammo bu qisqa muddat ichida ko‘p narsa o‘zgarib ketdi: «Liverpul»ning o‘sha o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan futbolchilarining yarmi yakshanba kuni maydonga chiqa olmaganining o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi.

«Chelsi»ning boshlang‘ich tarkibi qanday bo‘lishini va Maurisio Pochettinoning taktikasini oldindan bilish mumkin edi: londonliklar ikkinchi raqam ostida harakat qilib, «Liverpul» himoyasida paydo bo‘lishi muqarrar bo‘lgan bo‘sh zonalardan foydalanishga harakat qildi. Ammo qizillar o‘yinni yaxshiroq boshladi: Makallister va Diasda ilk 15 daqiqalikdayoq yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi.

Pochettinoning g‘alati so‘zlari

Ammo ko‘p o‘tmay «Chelsi» faollashdi va oqshomning eng yorqin vaziyatlaridan biri yuzaga keltirildi: qulay vaziyatda turgan va hech kim xalaqit bermagan Palmer yaqin masofadan turib zarba yo‘lladi, ammo «Liverpul» posboni Kelleher fantastik tarzda to‘pni qaytardi. Va bu irlandiyalikning so‘nggi qahramonligi emasdi.