O‘zbekiston | 21:10 / 27.09.2019
6367
8 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda tantanali marosim. U «Sian – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi charter havo qatnovi ochilishiga bag‘ishlandi

27 sentabr kuni Xitoy Xalq Respublikasidagi Shensi provinsiyasining ma'muriy markazi - Sian shahrida joylashgan «Syanyan» xalqaro aeroportida «Zhejiang long Airlines Co.Ltd» aviakompaniyasi tomonidan «Sian – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha 1-charter havo qatnovining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Shensi provinsiyasi xalq hukumatining rasmiylari, «Zhejiang long Airlines Co.Ltd» aviakompaniyasi va «Western Airport Group» aeroporti, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Sian shahri rahbariyati va jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.  

Ushbu havo qatnovining ochilishi yurtimizga kelayotgan xitoylik sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonning XXRdagi elchixonasi va «Zhejiang long Airlines Co.Ltd» kompaniyasi tomonidan o‘zaro hamkorlikda olib borilgan izchil sa'y-harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi.

«Zhejiang long Airlines Co.Ltd» aviakompaniyasi direktorlar kengashi raisi Lyu Tsixong tantanali marosimni ochar ekan, Xitoydan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi borgan sari ko‘payib borayotganini alohida ta'kidladi. U O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan boy va betakror sayyohlik imkoniyatlari Xitoyda faol targ‘ib etilayotgani, o‘zbeklar zaminidagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlar hamda ularning bag‘rida joylashgan dunyoga mashhur diqqatga sazovor maskanlar o‘z mamlakati sayohatchilari o‘rtasida tobora ommalashib borayotganini buning sabablari sifatida tilga oldi.

— 2018 yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turizm sohasidagi 1-xalqaro sarmoyaviy forum ishida Shensi provinsiyasi sayyohlik kompaniyalarining tarkibida «Zhejiang long Airlines Co.Ltd» kompaniyasi vakillari ham ishtirok etgan edi, - dedi u. – O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa qator idoralarda Xitoydan respublikaga sayohatchilar oqimini yanada oshirish, shu jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida yangi havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan samarali muzokaralar o‘tkazilgan edi.

Ma'lumot tariqasida qayd etish joizki, 2011 yili tashkil topgan «Zhejiang long Airlines Co.Ltd» kompaniyasi ichki, tashqi va yuk aviatashuvlari huquqini beruvchi to‘laqonli litsenziyaga ega. U A320 rusumli 44ta yo‘lovchi tashuvchi hamda 3ta V737 full rusumli yuk tashuvchi havo kemalariga ega. Mazkur samolyotlar 269 yo‘nalish bo‘yicha, ya'ni nafaqat Xitoyning turli shaharlari, balki Yaponiya, Janubiy Koreya va Janubiy-sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bo‘ylab ham havo qatnovlarini amalga oshiradi.

Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi rahbari B.Saidov tantanali marosim qatnashchilarini ushbu charter havo qatnovining ochilishi bilan qutlar ekan,  bu ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, shu jumladan, sayyohlik almashuvlarini yanada rivojlantirish yo‘nalishida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda olib borilgan faol sa'y-harakatlar natijasi bo‘lganini qayd etdi.

O‘zbekiston elchisi o‘z nutqida O‘zbekistonda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishni ta'minlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish bo‘yicha diqqatga sazovor chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga alohida to‘xtaldi. 

— 2019 yilda O‘zbekistonda turizm sohasi uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, O‘zbekiston Prezidentining Farmon va Qarorlari e'lon qilindi, - dedi u. - Mamlakatimizda 2019-2025 yillarda turizm jabhasini rivojlantirish Konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2025 yilga qadar soha rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari, bu yo‘nalishdagi aniq maqsadlar belgilab olindi. O‘tgan davr mobaynida mazkur Konsepsiyani hayotga tatbiq etish yo‘lida e'tiborga molik bo‘lgan ko‘p ishlar amalga oshirildi. Yaqinda, 12 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejimni tatbiq etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida madaniy, ilm-fan, ta'lim almashuvlari, investitsion iqlimni yaxshilash va mamlakat turistik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi. Ushbu Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda viza rejimining liberallashtirilishi va sayyohlik jabhasini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferensiyalar berilishi milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda samarali targ‘ib qilish imkonini bermoqda.

Bundan tashqari, hozirgi paytda O‘zbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, mahalliy aeroportlar orqali parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish, Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, yo‘lovchilar soni va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilashga amaliy jihatdan yondashilmoqda.

Ma'lumki, turistlar oqimini ko‘paytirish uchun havo parvozlarining strategik muhim yo‘nalishlarini aniqlash katta ahamiyatga ega. Shu bois yangi havo yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida xorijiy aviatashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferensiyalar tizimini ishlab chiqish, charter reyslarini tashkil etish mexanizmini soddalashtirish, ayrim aeroportlarda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish bo‘yicha jiddiy qadamlar tashlanayotir.

Yana bir muhim jihat: Shensi provinsiyasidan Toshkentga 1-charter havo qatnovining Sian shahridan Toshkentga yo‘l olishi ham ramziy ma'noga egadir.

Tarixdan ma'lumki, jahonga mashhur Buyuk Ipak yo‘li aynan Sian shahridan boshlangan. Sian tarixda «Chan'an» deb nomlangan. Ushbu shahar mamlakat tarixidagi o‘ndan ziyod dinastiyalar hukmdorligi davrlarida Xitoyning poytaxti bo‘lgan. Bugungi kunda ham Sian mamlakatda o‘zining alohida o‘rniga ega. U  Xitoyning rivojlangan infratuzilmagan ega bo‘lgan yirik sanoat va sayyohlik markazi hisoblanadi.   

XXR Madaniyat va sayyohlik vazirligining joriy yil birinchi choragi ma'lumotlarida qayd etilishicha, 2018 yili 149,72 million nafar xitoylik sayyohlar xorijiy mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilgan. Bu 2017 yilning shu davriga nisbatan 14,7 foizga ko‘pdir.

Mavzuga oid