Yo‘llar holati – har qanday davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatib beruvchi muhim omillardan biridir. Millionlab odamlar har kuni transportda, velosipedda yoki piyoda shu yo‘llarni bosib o‘tadi, ishga, yumushga, o‘qishga boradi. Agar yo‘llar holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Agar yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llar rasvoligi natijasida yengili og‘irlashayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?
Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri aynan shu mazmunda bo‘ldi. Unda Xorazm viloyati, Urganch tumani, Bog‘dorchi qishlog‘ida joylashgan «Bobodehqon» mahallasidagi yo‘l abgor ahvolga kelib qolganidan shikoyat qilingan edi.

Mahalla aholisi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning fevral oyida bu yo‘lni ta'mirlash ishlari boshlangan, chuqurchalar tekislanib, shag‘al tosh to‘shalgan, ammo taxminan 400 metrlik joyga asfalt yotqizilmasdan qolib ketgan.

Natijada, shu vaqtdan beri yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang uylarni, dov-daraxtlarni, avtomashinalarni qoplab olmoqda. Bu yo‘ldan har kuni ishga, yumushga o‘tadigan odamlar, bog‘chaga, maktabga qatnaydigan bolalarning ahvoliga faqat achinish mumkin.

Mahalla aholisining shikoyatiga ko‘ra, chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashyapti. Odamlar yozda ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur. Aks holda hatto tanovul qilayotgan ovqatlarga ham chang o‘tirmoqda.

Bu yo‘l bo‘ylab ishga boradigan kattalar, maktabga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Chang-to‘zon tufayli kiyim-boshlari bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Ularni yuvib, quritish ham muammo. Bog‘da quritish uchun osib qo‘yilgan kirlarga tezda chang o‘tiryapti.
«Yo‘limizni fevral oyida buzib ketishgan edi. Hanuz ta'mirlanmadi. Hammayoqqa murojaat qildik, ammo foydasi bo‘lmadi. Mana shu yo‘ldan bolalarimiz maktabga qatnaydi. Chang-to‘zon tufayli uylarimizning eshiklarini ochib qo‘yolmaymiz. Daraxtlar ham changdan oppoq bo‘lib qolgan. Bizga yordam berishingizni so‘raymiz», deydi aholi vakillaridan biri.
















