14:10 / 10.10.2019
0
4495

Tibbiyot sohasida ishlayotgan xususiy sektor uch yilga bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi kutilyapti

Foto: Fotolia

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3973-son qaroriga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi

Qayd etilishicha, hujjat sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishni kuchaytirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish, shuningdek, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish maqsadida qabul qilinadi.

Qarorga kiritilishi rejalashtirilgan qo‘shimcha bilan tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan xususiy sektor (Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasiga asosan) belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha maxsus avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari, tibbiyot uskunalari va sarflanadigan materiallar, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari, texnik o‘qitish vositalari, adabiyotlar va tez tibbiy yordam xizmati uchun zarur boshqa moddiy-texnika resurslar uchun 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi mumkin (bojxona yig‘imlari bundan mustasno).

Ta'kidlab o‘tish lozimki, hozirgi paytda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zi bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov zimmasiga yuklanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top