Jamiyat | 11:35 / 14.10.2019
29713
7 daqiqa o‘qiladi

Suv o‘simliklari – suvni tozalashning noyob va arzon vositasi 

Gidrokimyoviy va mikrobiologik tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, turli oqova suvlarni 12-15 sutkada to‘liq biologik tozalashi mumkin...

Oqova suvlarni biologik tozalashning ekologik xavfsiz va iqtisodiy arzon hamda samarali usullarini yaratish suv resurslarini muhofaza qilishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Oqova suvlarni tozalashning turli metodlari mavjud. Hozirgi davrda oqova suvlarni tozalashning biologik metodi, ya'ni, yuksak suv va suv-botqoq o‘simliklari yordamida tozalash tavsiya qilinadi..

Ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlarimiz natijasida qishloq xo‘jaligi korxonalari (qoramollarni bo‘rdoqiga boqish komplekslari, parrandachilik) va sanoat korxonalari (kanopni qayta ishlash, mineral  o‘g‘itlar ishlab chiqarish, biokimyo, yog‘-moy korxonalari, pillachilik korxonalari, to‘qimachilik sanoati) va kommunal-xo‘jalik oqova suvlarini organo-mineral moddalardan, og‘ir metallardan, sianidlardan, neft mahsulotlaridan hamda patogen mikroorganizmlardan yuksak suv o‘simliklari — pistiya, eyxorniya va azolla yordamida biologik tozalashning yangi samarali biotexnologiyasi yaratilgan.

Pistiya (Pistia stratiotes L.,  Araceae ), eyxorniya (Eichhorpia crassipes Solms.,  Poptederiaceae) va azolla (Azolla carolipiapa Willd., sem. Azollaceae) suv betida qalqib o‘suvchi, ko‘p yillik o‘simliklar bo‘lib, tropik va subtropik mintaqalarda keng tarqalgan. Hozirgi paytda mazkur o‘simliklar O‘zbekiston sharoitiga muvaffaqiyatli introduksiya qilingan.

Olib borilgan gidrokimyoviy va mikrobiologik tadqiqotlarimiz natijalariga ko‘ra,  turli oqova suvlarni 12-15 sutkada to‘liq biologik tozalashi mumkin. Bu vaqt ichida saprofit mikroorganizmlar soni ming martagacha, ichak tayoqchalari guruhi bakteriyalari esa uch-to‘rt kundan keyin umuman uchramaydi. Suv tarkibidagi mikrofloraning miqdori keskin kamayib, o‘simlik va hayvonlar uchun patogen hisoblangan mikroskopik zamburug‘lar yo‘qolib ketadi. Suvning fizikaviy va kimyoviy ko‘rsatkichlari yaxshilanadi, ya'ni suvning oksidlanishi darajasi kamayadi, suvdagi azot va fosfor ionlari o‘simliklar tomonidan deyarli to‘la o‘zlashtiriladi, suvda erigan kislorod miqdori ko‘payadi, oqova suv tiniqlashadi va qo‘lansa hidi yo‘qoladi.

Pistiya, eyxorniya va azolla yordamida tozalagan suvni texnik maqsadlarda, ya'ni molxonalarni yuvishda, qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda, kanop poyasini ivitishda yoki baliqchilik hovuzlariga va ochiq suv havzalariga chiqarib yuborish mumkin. 

Pistiya suv yuzasida qalqib o‘suvchi, qisqargan poyali, barglari yassi eshkaksimon o‘simlikdir. Introduksiya sharoitida bo‘yi 20-40 sm gacha yetadi. Ildiz bo‘g‘zidan chiqqan barglari qalin bog‘lam hosil qilib, yuqori qismi yashil, bo‘ylamada chiziqsimon chuqur izlar mavjud. Barglarining butun sathi qalin, ko‘p hujayrali, shaffof tukchalar bilan qoplangan. O‘simlik barglarida aerenxima to‘qimalari yaxshi rivojlanganligi sababli, suv yuzasida qalqib o‘cadi. Pistiyaning ildiz tizimi popuksimon, uzunligi 50-60 sm bo‘lib, ko‘p  tukchalar bilan qoplangan

Eyxorniya  suv yuzasida qalqib o‘suvchi o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 30-40 sm.  Qoshiqsimon; silliq, yashil, yaltiroq tusdagi barg yaproqlari ovalsimon shaklda; chetlari tekis, simmetrik bo‘ylamasiga parallel joylashgan va tomirlari aniq ko‘rinib turadi. Barg bandlari asosida, havo bilan to‘lgan sharsimon etdor qismi aerenxima — o‘simlikni suv yuzasida qalqib turishini ta'minlaydi. Popuksimon ildiz tizimi tukchalari yaxshi shoxlangan. Qisqargan poyasining asosidan 15-20 tagacha barg g‘ilofi bilan qo‘shilib, o‘suvchi birinchi tartib yon ildizlar rivojlangan. Uzunligi 2,5 sm gacha bo‘lgan ikkinchi tartib yon ildizlari suvda gorizontal joylashadi

Azolla suv yuzasida qalqib o‘sib, uzunligi 0,7-1,8 sm gacha yetadi. Sporafitining yuqori qismida 2 qator mayda bargcha, ustma-ust joylashgan tangachalar kabi shoxchani qoplab oladi, tanasining pastki qismida esa 2,0-2,5 sm uzunlikda ildizcha shakllangan. Barg tuzilishiga ko‘ra, u yuqori darajada rivojlangan, ya'ni har bir barg ikki segmentdan iborat: yuqori segmenti yashil rangli, suv sathining yuza qismida joylashadi; pastki segmenti esa suvning ostki qismida joylashib, suvda erigan moddalarni o‘ziga tortib olish uchun xizmat qiladi.  

Azolla yalpi ko‘payishining optimal davri iyul-sentyabr oylari bo‘lib, bu davrda sutkasiga 250-300 g/m2 biomassa hosil qiladi.

Oqova suvlarda o‘stirilgan azolla 1 gektar suv yuzasidan bir kecha-kunduzda 1500-2000 kg gacha ho‘l biomassa; pistiya va eyxorniya esa 1800-2700 kg gacha ho‘l yoki 90-135  kg gacha mutlaq quruq biomassa berishi mumkin (iyun-oktabr oylarida).

Yuksak suv o‘simliklarining biomassalarini ko‘chat sifatida oqova suvlarni  tozalash inshootlarining biologik hovuzlariga ekish yoki issiqlik yordamida (AVM-0,65, AVM-1,5) ishlov berib, vitaminli un tayyorlab, oqsil – vitaminli va mineral ozuqa sifatida qishloq xo‘jalik hayvonlari va parrandalarini boqishda ularning ratsioniga qo‘shimcha ozuqa sifatida foydalanish mumkin.

Shuningdek, azollani sholichilikda «yashil o‘g‘it» sifatida ishlatish natijasida sholi hosildorligi nazorat variantiga nisbatan 20-25% ga oshganligi va 1 gektar sholi maydonidan olingan iqtisodiy samaradorlik 2008 yilda  500 000 (besh yuz ming) so‘mni tashkil etgan.  Angren «Suvoqova» tozalash inshootida oqova suvlarni pistiya, eyxorniya va azolla yordamida tozalash natijasida elektroenergiya va oqova suvlarini zararsizlantirishda ishlatiladigan xlor va uning birikmalarini tejash hisobiga olingan iqtisodiy samaradorlik 2012 yilda 306 mln (uch yuz olti million) so‘mni tashkil qilgan.

Yuksak suv o‘simliklarini manzarali o‘simliklar xilma-xilligini oshirish uchun hovuzlarni bezashda ham foydalanish mumkin

Korxona va davlat idoralariga suvni tozalash va qayta ishlatish uchun mazkur suv o‘simliklaridan foydalanishni tavsiya etamiz.

O‘zRFA Botanika instituti katta ilmiy xodimi,
Biologiya fanlari nomzodi T.N. Xolmuradova

Mavzuga oid