Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan respublika oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizom e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida, shuningdek mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari uchun rahbariyat tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilash orqali budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Ustamalar, qo‘shimcha haqlar va mukofotlar miqdori har bir xodimning ta'lim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissalariga qarab belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasasi rahbarlari (rektor, prorektor, filial direktori va o‘rinbosarlari)ga mehnat faoliyatida erishgan yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi yutuqlari uchun ustama va qo‘shimcha haqlar hamda mukofotlar yuqori turuvchi tashkilotlarning tegishli qarorlari (roziligi) bilan belgilanadi.

Mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta'lim muassasalarining ilmiy-intellektual salohiyati va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida ta'lim muassasasi ma'muriyati (rektorati) har yili professor-o‘qituvchi va xodimlar tomonidan bajarilgan ishlarning samaradorligi va sifatiga qarab moddiy rag‘batlantirish tartibi va hajmlarini belgilashi shart.

Moddiy rag‘batlantirish nafaqat bir xodim uchun, balki ta'lim muassasasi rahbariyati yoki boshqa boshqaruv organlari tomonidan jamoatchilik ishlarini bajargan butun bir jamoa, kafedra, fakultet, ilmiy laboratoriya va boshqa bo‘linmalar xodimlariga ham berilishi mumkin. Bunda, moddiy rag‘batlantiriladigan xodimlarning ro‘yxati bajarilgan ishlarning aniq ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar va boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim.

Moddiy rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari va uni amalga oshirilishi

Oliy ta'lim muassasasi rahbariyatiga bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etgan xodimlar moddiy rag‘batlantirilmaydi.