13 oktyabr kuni Savdo-sanoat palatasida prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yangilangan tarkibining ilk majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun tuzilayotgan yangi reyting loyihasi muhokama qilindi.

Tadbirdan so‘ng Kun.uz muxbiri majlis yakunlari bo‘yicha SSP rahbari Davron Vahobov va iqtisodchi Yuliy Yusupovlar bilan suhbatlashdi.

-        Nima munosabat bilan yig‘ildik bugun?

-        Davron Vahobov, SSP rahbari: 18 avgustda davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotdan keyin yangi tarkibdagi jamoatchilik kengashi shakllangan edi. 4 sentabr kuni 292-sonli prezident qarori bilan 10 dan oshiq sohalarni qamrab olgan tadbirkorlardan tashkil topgan kengash tuzildi. Bugun birinchi yig‘ilish. Yig‘ilishdan maqsad — prezidentning 292-sonli qarori bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzish va ochiq muloqotda ko‘tarilgan masalalarni muhokama qilish. Birinchi band – kichik biznes banki shakllanishi, ikkinchisi – soliq ma’murchiligi, uchinchisi – bojxona imtiyozlari, to‘rtinchisi moliyalashtirish bo‘yicha. Shu bo‘yicha jamoatchilik kengashi xulosasini olish.

Tadbirkorlarni baholash deganda inson omilisiz baholash mezonlarini shakllantirishimiz kerak. Bugun boshlang‘ich mezonlarni shakllantirdik. Tadbirkor mezonlar bo‘yicha o‘z faoliyatini yuritsa, ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘ladi. Deylik, soliq imtiyozlari, tekshiruvlar yo‘qligi. Bu platforma orqali tadbirkor o‘zi hamkorlik qilayotgan yoki shunday niyatda bo‘lgan tadbirkorning reytingini ko‘rib turadi. Reytingi pastroq tadbirkorlar yuqoriroqqa chiqishga harakat qiladi, imtiyozlarga intiladi.

-             Nega aynan Soliq qo‘mitasiga reytingni tuzish ishi topshirilyapti?

-            Bu taklif. Soliq bazasida barcha tadbirkorlarning elektron bazasi bo‘lgani uchun shu asosda shakllantirish taklif etildi. Jamoatchilik kengashi qo‘llab-quvvatlamasa, boshqa bir bazada shakllantiriladi, taklif edi faqat. Savdo-sanoat palatasi (SSP) nazoratda qatnashishi mumkin.

-           Siz o‘zingiz tadbirkorsiz, tadbirkorlar ustidan nazorat qilishda ishtirok etsangiz, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmaydimi?

-        Bizneslarim – katta soliq to‘lovchi korxonalar. SSPda esa asosan kichik va o‘rta korxonalar. Men raqobat muhiti bo‘lishini qo‘llab-quvvatlayman. Soliq to‘lovchilar to‘liq shaffof ishlasa, raqobatbardoshlik oshadi.