Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning Kartaxena protokoliga qo‘shilishi qanday imkoniyatlar beradi?
O‘zbekiston Yevroittifoqning “GSP+” preferensiyalari bosh tizimiga qo‘shilish hisobiga mahalliy mahsulotning eksport hajmi va geografiyasini kengaytirishi mumkin. Bu mamlakatning Kartaxena protokoliga qo‘shilishi tufayli amalga oshadi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining biologik xilma-xillik haqidagi konvensiyaning bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena protokoliga qo‘shilish to‘g‘risida (Monreal, 2000 yil 29 yanvar)”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqilib, ma'qullangan edi. 15 oktabr kuni ushbu hujjat imzolanib, matbuotda e'lon qilindi.
Oliy Majlis Senati a'zosi Rahmatulla Nazarovning yozishicha, mazkur Qonun atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha vazifalarni inobatga olgan holda, genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ulardan qayta ishlangan mahsulotlardan foydalanish masalasini qonuniy tartibga solish uchun muhim qadam bo‘lib, uning imkoniyatlaridan maksimal foydalanish va inson salomatligi hamda atrof muhitga tahdidni minimal darajaga tushirish imkoniyatini yaratadi.
Biologik xilma-xillik haqidagi konvensiyaning bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena protokolining maqsadi zamonaviy biotexnologiyani qo‘llash natijasi bo‘lgan va biologik xilma-xillikning saqlanishi hamda undan barqaror foydalanilishiga nomaqbul ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tirik o‘zgartirilgan organizmlarni xavfsiz yetkazib berish, unga ishlov berish va foydalanish sohasida inson sog‘lig‘i uchun xatarlarni inobatga olgan holda, chegaralararo olib o‘tilishiga alohida e'tibor qaratgan holda lozim bo‘lgan darajadagi muhofazani ta'minlashdan iborat.
Qonun davlat uchun bir qator muhim afzallik va imkoniyat beradi. Biotexnologiya rivojlanishi va genetik modifikatsiyalangan organizmlardan foydalanish bilan bog‘liq ekologik holatni yaxshilash, aholi salomatligiga, atrof muhitga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf qilish imkoniyati shular jumlasidan. Shuningdek, mamlakatimiz rivojlanayotgan va o‘tish davri iqtisodiyotiga ega bo‘lgan davlatlarga protokolni to‘laqonli qo‘llash va uning jarayonlarida ishtirok etishni ta'minlashga qaratilgan yordam doirasida mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan muayyan moliyaviy resurslar va texnologiyalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Yevropa Ittifoqining “GSP+” deb atalmish preferensiyalarining bosh tizimiga qo‘shilish hisobiga mahalliy mahsulotning eksport hajmini va geografiyasini kengaytirishi mumkin.
Shu hisobdan, mazkur hujjat kelgusida O‘zbekistonning 6200 dan ortiq mahsulot turida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan boj to‘lovlarisiz erkin savdo qilish imkoniyatini yaratadi, shuningdek, makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra istiqbolda mamlakat eksport hajmini qariyb 3 baravarga, ya'ni 1,3 mlrd. AQSh dollarigacha oshirish imkonini beradi.