Jamiyat | 08:24 / 18.10.2019
11523
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayol kishini 50 ming dollarga «uxlatib» ketishdi

Foto: Dreamstime

Toshkentda ayol kishini 50 ming dollarga «uxlatib» ketishdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 16 oktabr kuni Sergeli tumani IIO FMBga 31 yoshli A.K. murojaat qilib, joriy yilning iyun oyida unga 50 000 AQSh dollarini Qozog‘iston Respublikasida yashovchi tanishlariga yetkazishda yordam berishini va'da qilgan tanishi 37 yoshli A.Ts.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

A.K. tanishining taklifiga rozi bo‘lib, unga pullarni bergan. Ammo A.Ts. pullarni manzilga yetkazmasdan, egasiga ham qaytarib bermasdan o‘z ehtiyojiga sarflab yubordi. Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.  

16 oktabr kuni Sergeli tumani IIO FMBga yana bir ariza – 44 yoshli Z.A.ning murojaati kelib tushgan. 

Uning ma'lum qilishicha, joriy yilning avgust oyida tanishi bo‘lgan M.A. undan “Lasetti” rusumli avtomobilini 2 yil davomida muddatli to‘lov evaziga xarid qilish istagini bildirgan. Ular o‘zaro narxni 11 100 AQSh dollariga kelishib, dastlabki to‘lov tariqasida M.A. 1 500 AQSh dollari to‘lagan. Qolgan mablag‘ni esa ikki yil davomida har oy 400 AQSh dollarida to‘lashi kerak edi. 

Ammo avtomobilni olgach, M.A. o‘z va'dasiga xilof tarzda sentabr oyida mashinani 43 yoshli X.R.ga sotib, Z.A.ga qolgan mablag‘ni to‘lamasdan, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan. Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.  

“Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Masalangizni hal qilishni va'da qilayotgan kishilarga notarial kelishuv rasmiylashtirmasdan turib pullaringizni berishga shoshilmang”, - deyiladi IIBB xabarida.

Mavzuga oid