«Hududiy elektr tarmoqlari»: Mo‘ynoqda zamonaviy elektr ta'minoti korxonasi foydalanishga topshirildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlar, keng ko‘lamli islohotlar natijasida Mo‘ynoq tumani ham haqiqiy yangilanishlar, o‘zgarishlarga yuz tutdi. Bugun hududning investitsiyaviy jozibadorligi oshib, bu yerda ko‘plab yirik ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Eng asosiysi, bunday o‘zgarishlar tuman aholisining turmush farovonligi yuksalishiga xizmat qilayotir. Bu esa, o‘z navbatida, elektr energiya ta'minoti bilan bog‘liq masalalarni yanada takomillashtirish, sohaga yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Ta'kidlash joizki, energetika sohasini rivojlantirish borasida keyingi yillarda yurtimizda katta ishlar qilinyapti. Xususan, joriy yil mart oyida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Mo‘ynoq tuman elektr ta'minoti korxonasining yangi binosi qurilish ishlari boshlangan edi. 23 oktabr kuni ushbu zamonaviy majmuaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Mo‘ynoqda ham elektr energetikasi sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – Xususan, bu yerda qisqa muddatlarda innovatsion texnologiyalar asosida jihozlangan, iste'molchilarga uzluksiz xizmat ko‘rsatuvchi uch qavatli zamonaviy binoda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 120 o‘rinli xoll va zallar bunyod etilgan. Qolaversa, ro‘yxatga olish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy talablarga to‘la javob beruvchi 6ta monitor hamda bepul Wi-Fi tarmog‘i ham joriy qilindi. Bundan tashqari, mijozlar uchun qoraqalpoq, o‘zbek va rus tillarida ma'lumotlar elektron tablolarda aks etib turadi.
Shu bilan birga, bu yerda energiya ta'minotining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy qilindi. Ushbu tizim mamlakatimiz elektr tarmoqlari tizimida noyob bo‘lib, operativ-dispetcherlik xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Boshqacha aytganda, ushbu elektr ta'minoti tizimida korxona tasarrufidagi 5 mingdan ziyod xonadonga va 300 ga yaqin yuridik iste'molchiga xizmat ko‘rsatuvchi 5ta podstansiya, uzunligi 564 kilometr bo‘lgan 0,4/10 kV li elektr uzatish tarmoqlari, yangidan tortilayotgan elektr kabel simlari, shuningdek, 166ta transformator punktining elektron tarzdagi sxematik grafigi mavjud bo‘lib, ularni nazorat kilish maxsus «Radiomera» dasturi asosida amalga oshiriladi.
Ushbu dastur orqali tuman hududidagi barcha podstansiyalarga oid ma'lumotlar yig‘ilib, operativ-dispetcher xizmatiga onlayn rejimida yetkazib beriladi.
Shuningdek, ushbu dastur orqali 110/10 kV li «Orol» podstansiyasida o‘rnatilgan vakuumli «vklyuchatel»ni ham boshqarish imkoni yaratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi bo‘lib joriy qilingan bunday qurilma podstansiyada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha avariya holatlarining oldini olish, ekspluatatsiya sarf-xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Shu o‘rinda energiya ta'minoti boshqaruvidagi bunday yangilik Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi marotaba joriy etilganligini ta'kidlash joiz.
Binodagi konferens zal, korxona mutaxassislarini o‘qitish xonasi ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Mijozlar uchun qulaylik yaratish maqsadida fuqarolarni qabul qilish xonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Binoga kiraverishda o‘rnatilgan tablodan esa mijozlar elektr energiyasi iste'moli bilan bog‘liq barcha ma'lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Binoning uchinchi qavatida Orolbuyida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida respublikamiz va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sayyohlar uchun xostel joylashgan.
Ishonamizki, Mo‘ynoqda ishga tushirilgan yangi elektr ta'minoti korxonasi, qolaversa sohada olib borilayotgan shu kabi sa'y-harakatlar mahalliy aholini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati
Mavzuga oid
22:42 / 17.09.2024
Toshkentda Bobur ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati cheklanadi
15:21 / 20.08.2024
O‘zbekistonda hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xususiy sektorga berish boshlanadi
20:26 / 07.08.2024
Elektr energiyasi hisobi uchun yangi billing dasturi ishga tushirildi
18:47 / 31.07.2024