O‘zbekistonda aholi bandligini ta'minlash uchun ajratilgan mablag‘lar asossiz va noqonuniy sarflangan
O‘zbekistonda aholi bandligini ta'minlash uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 mayda «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5052 sonli Farmoni qabul qilingan.
Farmon talablaridan kelib chiqib, vaqtinchalik band bo‘lmagan aholining yo‘l va uy-joy kommunal infratuzilmasi obektlarini qurishda, ta'mirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda ishtirok etishini moliyalashtirib borish maqsadida Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilgan.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida jamoat ishlariga 284 ming nafar fuqarolar jalb etilgan bo‘lib, ularga Jamg‘arma hisobidan 189,4 mlrd. so‘m ish haqi to‘lab berilgan.
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4,7 mlrd. so‘m, shundan joriy yilning 3-choragida 1,3 mlrd. so‘m Jamg‘arma mablag‘larini asossiz va noqonuniy sarflanish holatlari aniqlandi.
Jamg‘arma mablag‘larini maqsadli sarflanishiga mas'ul bo‘lgan tashkilot xodimlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarishda suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangan.
Andijon shahar Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh hisobchisi «Elga xizmat ko‘makdosh» MChJ rahbari bilan kelishgan holda jamoat ishlarini bajarganlik to‘g‘risida hech qanday hujjatlarsiz 362,8 mln. so‘m mablag‘ni MChJ hisob raqamiga o‘tkazib bergan.
Baliqchi tumani Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh inspektori tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan kelishgan holda 44 nafar fuqarolar bilan tuzilgan soxta mehnat shartnomalari va jamoat ishlarini bajarilganligi to‘g‘risida hisobot ma'lumotlari asosida 52,4 mln. so‘m o‘zlashtirilgan.
Bulung‘ur tumanidagi «Agro farovon zamin» agrofirmasi rahbari agrofirmada ishlab kelayotgan 36 nafar xodimlarni (xodimlarning bexabarligida) 2019 yil 22 mayda ishdan bo‘shatib, 3 oy muddatga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga soxta buyurtmani tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etib, 27,4 mln. so‘m Jamg‘armadan asossiz olganligi aniqlandi.
Shuningdek, Buxoro tumandagi 4 ta fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi hisobchi tomonidan fermer xo‘jaliklarida ishlamagan 8 nafar fuqarolar nomidan hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etish orqali 12 mln. so‘m mablag‘larni o‘zlashtirgan.
Angor tumanidagi «Angor agro pilla» MChJ tomonidan haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilinganlik to‘g‘risida 37 nafar fuqarolar nomiga soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, Angor Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etib, jamg‘armaning 65 mln. so‘m mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.
Sherobod tumanidagi «Xo‘jaqiya-1» MFY raisi jamoatchilik ishida ishlamagan 3 nafar hamda jamoatchilik ishlariga jalb etilib, keyinchalik bo‘shab ketgan 5 nafar fuqarolar nomiga soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etish orqali 18,4 mln. so‘m mablag‘larni o‘zlashtirgan.
Bag‘dod tumanda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida «Universal biznes invest» MChJ va yana 23 ta korxona, fermer xo‘jaliklarida 106 nafar fuqarolar nomiga hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 103 mln. so‘m jamg‘arma mablag‘lari o‘zlashtirilganligi aniqlangan.
Xabarda aytilishicha, yuqoridagi holatlar bo‘yicha nazorat tadbirlari hujjatlari tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Mavzuga oid
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
07:50 / 25.10.2024
O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni ikki baravar oshdi
20:33 / 17.06.2024
XVF hukumatlarni sun’iy intellektning xavfliligi haqida ogohlantirdi
10:42 / 02.06.2024